Orolbo‘yida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari o‘tkazildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xalqaro ta’lim dasturlarini ommalashtirish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ta’lim marafoni – “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashabbusning asosiy maqsadi mamlakatning barcha hududlarini qamrab olib, iqtidorli yigit-qizlar, ayniqsa, chekka hududlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari dunyoning yetakchi universitetlarida ta’lim olish imkoniyatlari haqida ma’lumot olishlarini ta’minlashdir.
Uchrashuvda jamg‘arma ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali boshlig‘i Adilbek Reimbayev, institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Quvondiq Qodirov, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z bordi.
[gallery-28332]
Shuningdek, uchrashuv davomida ochiq stipendiya tanlovlari o‘tkazish tartibi va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi. Stipendiatlar xorijda o‘qishni tugatganidan so‘ng ularni O‘zbekistonda munosib ishga joylashtirish, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jamg‘arma tomonidan davlat xizmatchilarining xorijdagi ilg‘or ishlab chiqarish ish o‘rinlarida maqsadli stajirovkalarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, bu borada Boshqaruv samaradorligi agentligi tavsiyasi asosida, shuningdek, hamkor xorijiy davlatlar bilan ochiq tanlov e’lon qilish orqali ishlar tashkil etilmoqda.
Jamg‘arma davlat va yoshlar o‘rtasida bilim va ishonchning yangi madaniyatini shakllantirmoqda. Shuning uchun ham “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasidagi har bir uchrashuv norasmiy muloqot bo‘lib, unda yoshlar muvaffaqiyatning haqiqiy misollarini ko‘rib, mamlakat kelajagi ularning qo‘lida ekanligini anglab yetdilar. O‘zbekistonning zamonaviy siyosati aynan shunday qurilmoqda: ta’lim – bu imtiyoz emas, balki huquq; maqsad emas, balki kuchli jamiyat va barqaror rivojlanish yo‘lidir.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida qabul marosimi, Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida, Kegeyli va Beruniy tumanlarida ham uchrashuvlar tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.