Orolbo‘yi yirik qurilish maydoniga aylanmoqda
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va doimiy e’tibori tufayli mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli islohotlar, qurilish va obodonlashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasida qabul qilinayotgan alohida farmon va qarorlar hudud taraqqiyotining mustahkam huquqiy poydevoriga aylanmoqda.

— Ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida bugun Orolbo‘yining barcha hududlarida, xususan, Nukus shahrida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Azamat Urazimbetov. — Yangi uy-joy massivlari, zamonaviy ijtimoiy ob’ektlar, sport inshootlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi bu o‘zgarishlarning yaqqol ifodasidir. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari har bir fuqaroning ko‘z o‘ngida, xalq manfaati yo‘lida amalga oshirilmoqda. Bugun qad rostlayotgan har bir bino, rekonstruksiya qilinayotgan har bir ob’ekt ertangi farovon hayot, qulay yashash muhiti va hudud taraqqiyotining amaliy ifodasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholini zamonaviy va sifatli uy-joylar bilan ta’minlash, ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishini jadallashtirish hamda yangi turar joy massivlarini barpo etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur farmonga asosan, joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 4 ming 206 ta xonadonli ko‘p kvartirali uy-joyni foydalanishga topshirish belgilangan. Hisobot davrida respublika bo‘yicha 993 ta xonadonli 27 ta ko‘p kvartirali uy-joy foydalanishga topshirildi. Shundan 140 ta xonadonli 4 ta ko‘p kvartirali uy-joy “Yangi O‘zbekiston” massividan foydalanishga berildi.
Yil yakuniga qadar belgilangan uy-joy qurilishi ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida qurilish jarayonlarini qat’iy nazoratga olish, ob’ektlarda qurilish-montaj ishlarini belgilangan jadval asosida olib borish, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish hamda uy-joylarni zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Bugungi kunda Kegeyli, Qonliko‘l, Qorao‘zak, Amudaryo va Ellikqal’a tumanlarida 5 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil etilgan. Mazkur massivlarda aholi uchun zamonaviy ko‘p kvartirali uy-joylar barpo etish bilan bir qatorda, ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni obodonlashtirish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 18–19-sentabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga amaliy tashrifi davomida hududdagi qator yirik qurilish va sanoat ob’ektlari bilan tanishib, yangi loyihalarni ishga tushirish hamda qurilishiga start berish marosimlarida ishtirok etdi. Shuningdek, Toshkent City tajribasi asosida Nukus shahrida zamonaviy “Nukus City” barpo etish tashabbusini ilgari surdi.
Shu doirada Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivining loyihasi ham taqdim etildi. Loyiha uchun 270 gektar maydon ajratilib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan. Mazkur hududda 30 ming nafar aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joy, yirik biznes markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda zamonaviy ko‘ngilochar ob’ektlar qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha Nukus shahrining zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish va shahar infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri