“O‘rik gullaganda” yoshlar festivali (+video)
Bahor fasllar kelinchagi, deyishadi. Kelinchak esa yoshlik, go‘zallik timsolidir. Farg‘ona bog‘lari bugun kelinchak libosida ko‘zlarni qamashtirgandek gullab yotibdi. Ayni shu pallada Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi va tashkilotchiligida O‘zbekiston tumanidagi bepoyon bog‘lar bag‘rida ilk bor “O‘rik gullaganda” yoshlar ijodiyot festivali bo‘lib o‘tdi. Unga viloyatning ijodkor yoshlari tashrif buyurdilar. Tadbirni viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Rahimov ochar ekan, yoshlarga e’tibor, ayniqsa ijodkor yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yanada kengroq ko‘lam olishini ta’kidladi. So‘zga chiqqanlar davlat dasturi doirasidagi barcha maqsadlarga erishilayotganini iftixor bilan qayd etdilar.
Gullar va qushlar ko‘rgazmasi, sumalak sayli, milliy o‘yinlar, sport musobaqalari tashkil etildi. Varraklar uchirish tanlovi ishtirokchilari moviy osmonni to‘ldirdi. Yosh rassomlar tabiat manzaralarini qog‘ozg‘a tushirdilar. Milliy liboslar ko‘rgazmasi hammani mahliyo etdi.


“O‘rik gullaganda” festivaliga viloyat va respublikaning iqtidorli shoirlari ham kelishgan edi. Shu yerda bahor, yoshlik, go‘zallikni madh etuvchi yangi yozilgan she’rlar o‘qildi. Festival ishtirokchilari ularni qutlab turdilar.
–Bu juda katta tashabbus. Mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat vakillari ana shunday tantanalarga munosib. Hamma, ayniqsa yoshlar miriqib bayram qilyapti, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Botir Ergashev. –Bolalar qo‘llaridan telefonlarini olib, ularni vertual o‘yinlardan chalg‘itib, xalqona o‘yinlarga jalb kilishimiz kerak. Chunki milliy o‘yinlarimiz yigitni yigit qiladi. Ularni lochinko‘z qilib tarbiyalaydi. Qizlarimizga oriyat, iffatni o‘rgatadi. Men ham shunday xalq o‘yinlarini o‘ynab katta bo‘lganman.


Festivalda miriqib dam olgan, davra to‘rini to‘ldirib o‘ynab-kulgan yoshlar bo‘lishdi. Darhaqiqat, ular “virtual olam” dan tabiat qo‘ynida uyg‘unlashib ketgan edilar.
–Men o‘zim 8 sinf o‘yquvchisiman. Sinfdoshlarimning barchasida telefon bor. Bunda har xil o‘yinlar o‘ynaymiz. Ijtimoiy tarmoqni kuzatamiz. Lekin bugungi saylda odamlar bilan muloqot qildik va u butunlay o‘zgacha taasurot qoldirdi bizda, - deydi uchko‘priklik Ko‘hinur Abdullayeva. –Prezidentimizning yoshlarga berayotgan e’tiborlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Biz yoshlar mana shunday sayillar har yili davom etishini xohlaymiz.


Festival doirasida viloyat san’at ustalari katta konsert namoyish etdilar. Bog‘lar bag‘ridagi ulkan maydon o‘yin-kulgu sahnasiga aylandi.
–O‘zbekiston tumanida qariyb 6 ming gektardan oshiq bog‘lar bo‘lib. Uning aksariyat qismini o‘rikzorlar tashkil etadi. Uning mevalari shifobaxshligi bilan mashhur. Lekin ular bahorda shunday go‘zal gullaydiki, o‘sha manzarani hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi O‘zbekiston tumani bo‘limi rahbari Ulug‘bek Razzoqov. – Shu go‘zallikni targ‘ib qilish maqsadida Yoshlar agentligi “O‘rik gullaganda” shiori ostida yoshlar ijodiyot festivali tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Uni viloyat hokimligi maqulladi. Ochig‘i, buncha yoshlar ishtirok etadi deb o‘ylamagandim. Yoshlar tabiatni sog‘inishgan ekan. Festivaldan biz quvvat oldik. Bundan buyon “O‘rik gullaganda” ijodiyot festivalini o‘tkazishni an’anaga aylantiramiz.


Festivalda milliy madaniyat markazlari, qo‘shni qirg‘izistonlik yoshlar, Farg‘onada ta’lim olayotgan xorijlik talabalar ham qatnashdilar. Yoshlar askiyachi va qiziqchilarning chiqishini ham e’tibor bilan tomosha qildilar.
“O‘rik gullaganda” yoshlar ijodiyot festivalini Farg‘ona viloyati boshlab berdi. Ishonchimiz komilki, u mamlakat bo‘ylab davom etadi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wQeHpgvExQo" title="“OʻRIK GULLAGANDA” YoSHLAR FESTIVALI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA