O‘quv - simulyatsiya markazi ochildi (+video)
Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona viloyat filialida haydovchi, hamshira, shifokordan iborat 308 ta guruhda qariyb yetti ming nafar odam ishlaydi. Ular hamisha malakali xizmat ko‘rsatishi uchun esa o‘quv-seminarlar zarur edi. Shu maqsadda Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona viloyat filialida soha xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv-simulyatsiya markazi ochildi.
U Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH)ning “O‘zbekistonda shifoxonagacha tez tibbiy yordam xizmati salohiyatini oshirish” bo‘yicha grant loyihasi doirasida tashkil etildi. Markaz bazaviy va kengaytirilgan reanimatsiya, chaqaloqlar reanimatsiyasi, pediatriya amaliyotida bazaviy reanimatsiya, shifoxonagacha bo‘lgan jarohatlar, shoshilinch tug‘ruq va boshqalar bo‘yicha o‘qitish uchun zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlangan. Shuningdek, olis hududlarda tez tibbiy yordam xodimlarini o‘qitish uchun mobil uskunalar mavjud.


–Endi bu markazda tez yordam xodimlari bemorga og‘ir holatda yordam ko‘rsatish uchun bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoni yaratildi, – deydi reanematolog vrach Jahongir Abdullayev.
O‘quv- simulyatsiya markazidagi jihozlardan samarali foydalanish yuqori malakali trenerlar tayyorlashni talab etardi.


–15 kun davomida Janubiy Koreyaning Ven Jo shahrida Yon Su universitetida professor-o‘qituvchilardan dunyo standarti asosidagi bilim va ko‘nikmalarni oldik, – deydi Jahongir. –Avvallari, masalan, yuzta eng og‘ir ahvoldagi bemordan bitta-ikkitasi yashab qolgan bo‘lsa, endi 10-15 nafarini hayotga qaytarish mumkinligini amalda ko‘rdik.

O‘quv-simulyatsiya markazida, shuningdek, tez yordam mashinalarining turli sharoitdagi yo‘llarda yurishi va tebranishi chog‘ida shifokor bemorga nisbatan qanday yondashishi lozimligi ham o‘rgatiladi.
Bundan avvalroq Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyat filiallarida ham shunday o‘quv-simulyatsiya markazlar ochilgan edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/i857nlO3_Ic" title="O‘quv - simulyatsiya markazi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat),
Muqimjon Qodirov (surat),OʻzA