Oqqo‘rg‘onda tarix yashaydi
Muzeylar – millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy merosi va madaniy o‘zligini saqlab qoluvchi muhim ijtimoiy institutlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, hududlardagi muzeylar mahalliy aholining boy tarixi, urf-odatlari, san’ati va hayot tarzini yoritishda beqiyos ahamiyatga ega. Ular nafaqat madaniy merosni asrash, balki uni kelgusi avlodlarga yetkazish, yoshlarda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi.
Oqqo‘rg‘on tumani Tarix va o‘lkashunoslik muzeyi o‘zining boy ekspozitsiyalari, uzoq yillik faoliyati va ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlari bilan alohida o‘ringa ega. Mazkur muzey 1977-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ilk faoliyati 1967-yildan boshlangan. Dastlab kichik ekspozitsiya sifatida ish boshlagan muassasa 2022-yili qayta ta’mirlanib, zamonaviy talablarga javob beradigan, keng qamrovli madaniy markazga aylandi. Hozirgi kunda muzey fondida 10 ming 800 dan ortiq noyob eksponatlar saqlanadi. Ushbu eksponatlar orqali hududning qadimiy tarixi, madaniy merosi va turmush tarzi keng yoritib berilmoqda.

Muzey bir nechta asosiy bo‘limlardan iborat. Arxeologiya bo‘limida qadimgi davrlarga oid topilmalar, tarixiy yodgorliklar va noyob ashyolar namoyish etiladi. Etnografiya bo‘limida esa xalqimizning milliy urf-odatlari, an’analari hamda amaliy san’at namunalari aks etgan. Ayniqsa, Oqqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan Qanqa va Shohruxiya yodgorliklariga oid materiallar muzeyning eng muhim ekspozitsiyalaridan hisoblanadi. Masalan, Qanqa yodgorligidan topilgan ko‘zada taxminan 200 kilogrammdan ortiq oziq-ovqat mahsuloti saqlangani haqidagi ma’lumotlar tarixiy jihatdan katta qiziqish uyg‘otadi.

Shuningdek, muzeyda tuman tashkil etilishi bilan bog‘liq 1935-yildan boshlangan hujjatlar, fotoalbomlar, chaqiriq qog‘ozlari va Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq noyob materiallar ham saqlanadi. Urush davriga oid bo‘limda frontdan yuborilgan suratlar, “qora xat”lar va chaqiruv qog‘ozlari, shuningdek, urush o‘chog‘ida chizilgan “Ozodlik” nomli moy bo‘yoq asar kabi tarixiy eksponatlar joy olgan. Muhimi, har bir eksponat o‘zida mazkur hududning tarixini ko‘rsatib, tomosha qilish uchun kelayotganlar va yoshlarga o‘zgacha taassurot bag‘ishlamoqda.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan 3 ming 600 nafardan ortiq oqqo‘rg‘onliklardan faqat 640 nafari qaytib kelgani ham muzey ekspozitsiyalarida o‘z aksini topgan.

– Muzey nafaqat eksponatlarni saqlash, balki ularni keng jamoatchilikka yetkazish, ilmiy-ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish vazifasini ham bajarmoqda, – deydi Oqqo‘rg‘on tumani Tarix va o‘lkashunoslik muzeyi direktori Alisher Qurbonov. – Turli ko‘rgazmalar, uchrashuvlar va ma’rifiy tadbirlar orqali aholining tarixga bo‘lgan qiziqishi yanada oshirilmoqda. 18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan muzeyga nafaqat Oqqo‘rg‘on tumani, balki Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlaridan ham maktab o‘quvchilari tashrif buyuradi. O‘tgan yili muzeyni o‘rtacha 10 ming 500 nafardan ortiq kishi ziyorat qilgan, ularning 123 nafari xorijlik sayyohlardir. E’tiborlisi, bu yilda tashrif buyuruvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshgani quvonarlidir.

Mutaxassislar aytishicha, oxirgi yillar mazkur muzey faoliyatida “Mening hissam – milliy merosga” loyihasi alohida ahamiyatga ega bo‘lyapti. Ushbu tashabbus orqali tuman aholisi tomonidan turli noyob tarixiy buyumlar, ashyolar muzeyga topshirilmoqda. Masalan, Shohruxiya yodgorligidan topilgan kumush bilaguzuk va sandiqdan chiqqan qilich kabi eksponatlar shular jumlasidandir. Muhimi, viloyat hokimining tashabbusi bilan muzeylar faoliyatini rivojlantirish uchun 50 million so‘m mablag‘ ajratilishi ham sohadagi islohotlarning amaliy natijasidir.

O‘z navbatida Tarix va o‘lkashunoslik muzeyi tomonidan yosh avlodni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktablarda targ‘ibot ishlari olib borilib, o‘quvchilarda tarixiy merosga qiziqish uyg‘otilmoqda. Shuningdek, tasviriy san’at yo‘nalishida maktablar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlanmoqda va ularning asarlari muzey fondiga qabul qilinadi.

Bu muzey faoliyatini yanada takomillashtirish va keluvchilar sonini oshirish maqsadida yangi loyihalarni amalga oshirish lozim bo‘lmoqda. Xususan, ekspozitsiya zallarini zamonaviy elektron monitorlar va interaktiv qurilmalar bilan jihozlash, eksponatlar haqida audiogid xizmatini joriy etish tashabbuslari ilgari surilyapti. Shu bilan birga, Qanqa va Shohruxiya tarixiga bag‘ishlangan alohida maxsus zal tashkil etish, maktab o‘quvchilari ishlari uchun alohida ijodiy burchak yaratish, muzey hududini obodonlashtirib, dam olish maskanlarini tashkil etish borasida ham takliflar bor.

Ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan sayyohlik marshrutlarini ishlab chiqish va muzeyga tashrif buyuruvchi maktab o‘quvchilari hamda nuroniylar uchun avtotransport bilan ta’minlash dolzarb ahamiyatga egadir. Sababi ko‘p hollarda mahalliy sayyohlar va o‘quvchilar bu manzilga qatnashga qiynaladi. Shuningdek, muzey ichida kichik kinozal tashkil etish orqali tarixiy filmlar namoyishini yo‘lga qo‘yish mumkin.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan ishlar va ilgari surilayotgan tashabbuslar hududlarda kelajak avlodni vatan tarixiga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA