OQLOV HUKMLARI: 161 nafar qatag‘on qurbonining nomi oqlandi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bir guruh vatandoshlarimizni oqlash yuzasidan hukmlar e’lon qilindi.
Bu oddiy oqlov emas, balki mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan ajdodlarimiz pok nomini tiklashga qaratilgan xayrli ish.
Aytib o‘tish kerakki, hayotda inson uchun nohaq ayblanish, aybsiz aybdor bo‘lishdan og‘iri yo‘q. Ayniqsa, nohaqlik ortidan hayotiga nuqta qo‘yilgan odamlarga yanada qiyin. Chunki ular o‘z nomini oqlash uchun kurashishga qodir emas.
Kech bo‘lsada ularning nomlari oqlanayotgani esa tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi muhim qadamlardan.
Oliy sudda mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan bir guruh shaxslarga oid jinoyat ishlari yuzasidan Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari keltirgan kassatsiya protestlari Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqildi.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbsari Alisher Usmonov raislik qilgan ochiq sud majlislarida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 8 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud jarayonlari davomida 161 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi.
– Bobom Turg‘unboy Abdullayev Farg‘ona viloyati Farg‘ona uyezdida o‘tgan asrning 20-yillarida mingboshi lavozimida ishlagan, - deydi Roziqjon Turg‘unov. – Otam rahmatlining aytib berishicha, bobom hibsxonaga olib ketilgan va uch kun ichida qatl etilgan. Yillar mobaynida biz uchun qorong‘uligicha qolgan bu voqelik uchun iztirob chekib yashadik. Hozirgi kunga kelib o‘sha paytda yuz bergan nohaqliklarga barham berilib, ajdodlarimiz nomlari oqlanayotganidan behad mamnunmiz. Bu ishlarga bosh-qosh bo‘layotganlarning barchasidan minnatdormiz.
Mamlakatimizda keng ko‘lamli oqlov hukmlari e’lon qilinishiga Prezidentimizning 2020-yil 8-oktabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingani keng yo‘l ochdi.
Ma’lumki, farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan.
Ishchi guruhga vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ular tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmagan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Oliy sudda ham qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan.
– Prezidentimiz tomonidan mustabid tizimdan qolgan asoratlardan xalos bo‘lish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda, - dedi Oliy sud sudyasi Ilhom Rahmonqulov. – Oqlov hukmlarining qabul qilinishi shular jumlasidan. Bu shunchaki qog‘ozlarda amalga oshayotgan protsessual yoki yuridik jarayon emas, balki millatning o‘zligini anglashidir. Bu millatning uyg‘onishi, o‘z tarixini pok tutib, kelajakka ishonchi barqaror bo‘lgan xalqning azmu qaroridir.
Aytib o‘tish kerakki, Oliy sudga kelib tushgan Turkfrontning Farg‘ona qo‘shinlar guruhi harbiy kengashi qoshidagi Farg‘ona maxsus bo‘limi hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik kengashining 1920-1934-yillardagi qarorlariga ko‘ra bosmachilik harakatlariga moddiy yordam berishda, qurolli to‘da tuzishda, sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olonlar hamda aksilinqilobiy harakatni amalga oshirganlikda ayblangan bir guruh vatandoshlarimizga oid jinoyat ishlari ham ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan.
Ishchi guruhlarning izchil faoliyati tufayli keyingi yillarda sovet davrida qatag‘on qilingan 1 ming 236 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlandi.
Shu tariqa adolat qaror topib, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qilmoqda.
Yurt mustaqilligi, millat g‘ururi uchun kurashish yo‘lida o‘z jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yXu5Mv6BHDo" title="OQLOV HUKMLARI: 161 nafar qatag‘on qurbonining nomi oqlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat),
Doniyor Yoqubov (video), Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA