O‘qituvchilik kasbidan qadr topayotganlar
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim-tarbiya sohasida ham islohotlar olib borilmoqda. Natijada o‘qituvchi va murabbiylik kasbi tom ma’noda qadr va e’zoz topmoqda.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimida mehnat qilib kelayotgan o‘qituvchi va murabbiylarimizning faoliyatiga katta e’tibor qaratilib, qo‘llab-quvvatlanayotgani har bir o‘qituvchining kasbiga bo‘lgan sadoqati va fidoyiligini oshirmoqda. Zero, ularning kelajagimiz vorislariga berayotgan ta’lim-tarbiyasi yurt taqdirini belgilab beradi.

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, bir guruh fidoyi, tashabbuskor va o‘quvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya berayotgan faol o‘qituvchi va murabbiylar davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ular orasida Navoiy shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi Zebo Ro‘ziqulova ham bor. U “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Z.Ro‘ziqulova asli samarqandlik. Paxtachi tumanida tug‘ilgan va 12-umumta’lim maktabida tahsil olgan. Oilada 5 farzandning to‘ng‘ichi. Hozirda uning 2 nafar farzandi bo‘lib, qizi Chirchiq davlat pedagogika institutining 3-bosqich talabasi, o‘g‘li esa maktabda 6-sinfda o‘qiydi.
– Aslida maktabda o‘qiyotgan vaqtlarimda shifokor bo‘lishni orzu qilardim, – deydi Zebo Ro‘ziqulova. – Ammo yuqori sinflarda o‘qib yurganimda biologiya fani o‘qituvchimiz Bahriddin Ro‘zmurodovning dars o‘tishi, o‘quvchilar bilan muomalasini ko‘rib o‘qituvchilikka ishtiyoq uyg‘ongan. Orzuimni amalga oshirish uchun 1998 yilda Samarqand davlat Universitetining biologiya fakultetiga hujjat topshirdim va oliy ta’lim dargohini 2002 yilda tamomladim.
Z.Ro‘ziqulova talabalik paytidayoq maktabda dars bera boshlagan. Universitetni tamomlab, bir muddat o‘zi tahsil olgan umumta’lim maktabida o‘quvchilarga biologiya fanidan saboq bergan. 2005 yildan to 2017 yilga qadar Navoiy kompyuter va axborot texnologiyalari akademik litseyida faoliyat olib borgan. Uning ta’kidlashicha, faoliyati davomida hozirgi davrdagichalik o‘qituvchilar mehnati qadrlanmagan.
– Faoliyatimning dastlabki davridan boshlab o‘quvchilarimni fan olimpiadalariga tayyorlashga qiziqaman, – deydi u. – 2009, 2010, 2016 yillarda o‘quvchilarim respublika va xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan fan olimpiadalarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan. Rag‘bat uchun faqatgina “Faxriy yorliq” bilan cheklanilgan. Bugun esa vaziyat o‘zgargan. Rag‘bat va o‘qituvchiga ozgina e’tibor yuksak marralar sari undaydi, deganlari rost ekan. Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimi xodimlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘bat tufayli umumta’lim maktablarida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning bor mahorat va bilimlarini yosh avlodning unib-o‘sishi, zamonaviy bilimlarni egallashga qaratayotganligi o‘z natijasini bermoqda.
Z.Ro‘ziqulova 2020 yil iyun oyida onlayn shaklda o‘rta maxsus maktablarda hamda akademik litseylarda biologiya, kimyo va fizika fanlarida amaliy mashg‘ulotlarni to‘g‘ri tashkil etish hamda laboratoriya jihozlaridan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan seminarda “Hujayrada plazmoli va diplazmoli hodisa” mavzusida laboratoriya mashg‘uloti yo‘riqnomasini to‘g‘ri tuzib aniq natija ko‘rsatib berganligi uchun anjuman ishtirokchilari e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi. Natijada laboratoriya mashg‘ulotining videoroligi respublika miqyosida ommalashib, barcha maktablarga biologiya fanida foydalanish uchun tarqatildi.
Shuningdek, uning bir qator o‘quvchilari respublika va xalqaro olimpiadalarda faol ishtirok etdi. Jumladan, 2017 yilda Umida Hamraqulova Vetnamning Xanoy shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib sovrinli o‘rin ishtirokchisi, 2021 yilda iyul oyida esa Yorqinbek Turdiboyev Portugaliyaning Lissabon shahrida bo‘lib o‘tgan 32-xalqaro fan olimpiadasida 77 davlatning 304 nafar ishtirokchisi orasida 2-o‘rinni egallab, kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Shu bilan birga Yorqinbek Turdiboyev joriy yilda Akfa Universiteti tomonidan tashkil etilgan fan olimpiadasida 1-o‘rinni egallab, meditsina fakultetiga grant asosida qabul qilindi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, kumush medal egasi Yorqinbekka 73 million so‘m, uning o‘qituvchisi Zebo Ro‘ziqulovaga esa 61 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Erishgan yutuqlar besamar ketmadi. Z.Ro‘ziqulova joriy yilda dastlab “Xalq ta’limi a’lochisi” unvoniga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, kasb bayrami arafasida “Shuhrat” medali sohibasiga aylandi.
O‘qituvchi va murabbiy. Oddiygina bu so‘zlar zamirida ulkan ma’no mujassam. Zero, har qaysi inson o‘qituvchining qo‘lida savod chiqaradi, ta’lim-tarbiya oladi. Va albatta, bugun har birimiz jamiyatda o‘z o‘rnimizni topganligimiz, obro‘-e’tiborga sazovor bo‘layotganligimiz, kasb-korimiz bilan yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va halq farovonligi uzun xizmat qilayotganligimiz uchun ulardan minnatdormiz.
G‘azal mulkining sultoni Hazrat Navoiyning esa “Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila”, degan misralari ularning mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA