O‘qituvchilar uchun mahorat darslari
Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan qishki ta’til kunlarida umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun mahorat darslari, o‘quv -seminarlar o‘tkazilmoqda.
Andijon viloyati Pedagoglarga yangi metodikalarni o‘rgatish markazi hamda Andijon shahridagi 31- umumta’lim maktabida tashkil etilgan o‘quv -seminarlarda umumta’lim maktablarining matematika, informatika va axborot texnologiyalari, fizika, kimyo, biologiya, tarix, inliz tili va ona tili fanlari o‘qituvchilari ishtirok etdi.
– Mahorat darslarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘qituvchilarning mahorat va malakalarini oshirish, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoiljon Mirzayev. – Qolaversa, ularni ta’lim metodikalarida joriy etilayotgan xalqaro tajribalardan xabardor qilish, faoliyatlariga ilg‘or ish uslublarini qo‘llash bo‘yicha bilim va tajribalarini oshirishga qaratilgan.
O‘quv- seminarda malakali spikerlar tomonidan o‘quvchilarga darslarni puxta va samarali o‘zlashtirishiga ko‘maklashish, ta’lim jarayonlari jozibadorligini oshirishda kreativ yondashuvlar, ilg‘or pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanish singari qator mavzularda mahorat darslari o‘tildi, zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Bu kabi o‘quv seminarlar, mahorat darslari viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.
[gallery-15346]
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari