O‘qituvchilar CTEAM laboratoriyada malaka oshiradi
Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida CTEAM laboratoriya tashkil etildi.
Markaz axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 83 million so‘m mablag‘ evaziga faoliyati yo‘lga qo‘yilgan laboratoriyada malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilar o‘quvchilarga innovatsion dars o‘tish uslublarini o‘zlashtiradi.

– STEAM atamasi AQSHda ilk bor maktab dasturiga kiritilgan bo‘lib, o‘quvchilarning ilmiy-texnika yo‘nalishlarida kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan, – deydi markaz direktori A.Ibragimov. –STEAM ta’limi bolaning rivojlanishini tashqi olam bilan bevosita bog‘laydi. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bunday yondashuvga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, Yevropaning o‘ndan ortiq mamlakatlari milliy strategiya va tashabbuslarida bu hisobga olingan.
Turli xil baholashlarga ko‘ra, hozirgi kunda talabgor eng ko‘p bo‘lgan 10 mutaxassisdan 9 tasida aynan STEAM bilimlari zarur. Bunday kasblarga muhandis-kimyogar, neft bo‘yicha muhandislar, kompyuter tizimlari analitiklari, muhandis-mexaniklar, muhandis-quruvchilar, robototexniklar, yadro meditsinasi kiradi.

STEAM dasturlari 7-14 yoshdagi o‘quvchilarning muttasil ravishda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga qiziqishlarini orttiradi. Masalan, fizika darslarida yerning tortish kuchi o‘rganilganda, formulalar taxtada yozib tushuntirilsa, STEAM to‘garaklarida raketalar, samolyotlar, parashyutlar yasab, ishga tushirib bilimlarni mustahkamlash imkoniyati mavjud.
G‘.HASANOV, O‘zA