O‘qituvchi o‘qituvchini rivojlantiradi: O‘zbekiston maktablarida yangi kasbiy hamjamiyat shakllanmoqda
Toshkentda “Maktab chempionlari” loyihasining yangi bosqichi doirasidagi seminar davom etyapti. Tadbirda mamlakatning turli hududlaridan kelgan maktab rahbarlari va ingliz tili o‘qituvchilari kasbiy rivojlanishni kundalik ta’lim jarayoniga singdirish usullarini muhokama qilmoqda.
Bugun asosiy e’tibor nazariy ma’lumotdan ko‘ra, o‘qituvchi tajribasi tahlili, hamkasblar bilan bilim almashish va jarayonni maktab miqyosida yo‘lga qo‘yishga qaratildi. Ya’ni, CPD – uzluksiz kasbiy rivojlanish faqat kurs yoki bir martalik trening emas, balki o‘qituvchining doimiy kasbiy ehtiyoji sifatida ko‘rilmoqda.

Navbatdagi bosqichga mamlakat bo‘ylab 42 maktab jalb etilgan. Saralangan pedagoglar bir yil davomida shaxsiy rivojlanish jarayonini shakllantiradi, maktabda hamkasblari uchun CPD mashg‘uloti o‘tkazadi va yangi yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda ularga ko‘maklashadi. Shu tariqa bir o‘qituvchida shakllangan tajriba boshqalarga ham o‘tib, butun maktab jamoasi rivojlanadi.

Bunday yondashuvning yana bir muhim jihati – maktab rahbarlarining jarayondagi ishtiroki. Zero, kasbiy rivojlanishni faqat o‘qituvchining shaxsiy tashabbusiga qoldirib bo‘lmaydi. Taraqqiyot maktab muhiti, rahbariyat qo‘llovi va hamkasblar tajriba almashinuvi bilan uyg‘unlashgandagina tizimli tus oladi.

2023-yil boshlangan “Maktab chempionlari” loyihasiga hozirgacha turli hududlardan 260 davlat maktabi qo‘shilgan. 1400 ingliz tili va boshqa fan o‘qituvchisi jami 4500 dan ziyod CPD tadbirida ishtirok etgan.

Tashkilotchilar ta’kidlashicha, shakllanayotgan asosiy natija raqamda emas, balki o‘qituvchilar hamjamiyatida namoyon. Hududlarda ishlayotgan pedagoglar metodik tajribani o‘zaro bo‘lishib, bir-biridan o‘rganmoqda. Yangi 42 nafar “maktab chempionlari” qo‘shilishi esa tarmoqni yanada kengaytirdi.

Britaniya kengashi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha Markaziy Osiyoda ingliz tili o‘rganilishini jadallashtirishga qaratilgan “AELLCA” tarkibiga kiradi. Ushbu dastur yurtimiz ingliz tili o‘qituvchilari salohiyatini oshirish va maktablarda uzluksiz o‘zlashtirish muhitini shakllantirishga qaratilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA