O‘qituvchi avvalgi ishiga qaytarildi
Sirdaryo viloyatida mehnat huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi ishlar doirasida yana bir fuqaroning buzilgan huquqi tiklandi. Majburiy ijro byurosining Sayxunobod tuman bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudning 2026-yil 2-iyunda qabul qilingan qarori ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Sirdaryo viloyatida mehnat huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi ishlar doirasida yana bir fuqaroning buzilgan huquqi tiklandi. Majburiy ijro byurosining Sayxunobod tuman bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudning 2026-yil 2-iyunda qabul qilingan qarori ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Ijro hujjatlariga ko‘ra, tumandagi umumta’lim maktablaridan birida faoliyat yuritgan o‘qituvchi mehnat qonunchiligi talablariga zid ravishda ishdan bo‘shatilgan. Bu qarordan norozi bo‘lgan pedagog o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qildi.
Sud tomonidan ish holatlari atroflicha o‘rganilib, ish beruvchining harakatlari noqonuniy deb topildi hamda o‘qituvchini avvalgi lavozimiga tiklash haqida qaror qabul qilindi.
Sud qarori ijro uchun Majburiy ijro byurosining Sayxunobod tuman bo‘limiga yuborilgach, davlat ijrochisi tomonidan tegishli ijro harakatlari amalga oshirildi. Natijada sud hujjati to‘liq ta’minlanib, pedagog o‘zining avvalgi ish joyiga qaytarildi va uning mehnat qilish huquqi qayta tiklandi.
— Mehnat munosabatlarida qonun talablariga qat’iy rioya etish ijtimoiy adolat va barqarorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu bois mehnat huquqlarini tiklashga oid sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, — deydi Davlat ijrochisi Muborak Bobobekova.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda har bir fuqaroning mehnat qilish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Ushbu huquq buzilgan hollarda sud orqali himoya qilinishi va qabul qilingan qarorlarning majburiy ijrosi ta’minlanishi huquqiy davlatning muhim mezonlaridan hisoblanadi.
Mazkur holat ham fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat huquqlarini ta’minlash hamda sud qarorlari ijrosining muqarrarligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar samarasining yana bir amaliy namunasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri