“Oqil quduq” tizimi suv va elektr energiyasini qanday tejaydi?
Qashqadaryo viloyatida aholi tomorqa yerlarini sug‘orishda foydalanilayotgan yer osti suvlaridan samarali foydalanish, suv va elektr energiyasi sarfini tejash hamda quduqlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, vazirlik, “O‘zbekgidrogeologiya” DM hamda “GIDROINGEO Instituti” DM mutaxassislari Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Tomorqa sug‘orish markazi”da bo‘lib, yer osti suvlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha joriy etilgan tizim bilan tanishgan.
Markaz tomonidan tomorqa yerlarini sug‘orishda foydalaniladigan quduqlarni samarali boshqarish, suv va elektr energiyasi resurslarini tejash hamda ularni zamonaviy boshqaruv tizimiga o‘tkazish maqsadida respublikada ilk bor “Oqil quduq” raqamlashtirish texnologiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan.
Mazkur texnologiya orqali tik sug‘orish quduqlari faoliyatini masofadan turib nazorat qilish va boshqarish, suv hamda elektr energiyasi sarfini hisobga olish, shuningdek, quduqlardan foydalanish samaradorligini oshirish imkoniyati yaratilgan.
Ayni paytda 51 ta tik sug‘orish qudug‘i raqamlashtirilib, Markaziy dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilingan. Quduqlar faoliyati kameralar orqali to‘liq nazoratga olingan. O‘tkazilgan sinovlar mazkur tizimning amaliyotda samarali ishlayotganini ko‘rsatgan.
O‘rganish davomida yer osti suvlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur tajribani iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida xorijiy va mahalliy donor tashkilotlarni jalb etish, yer osti suv zaxiralaridan foydalanish holatlari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Qashqadaryoda yo‘lga qo‘yilgan “Oqil quduq” tizimi yer osti suvlaridan tejamkor va samarali foydalanish, suv resurslarini muhofaza qilish hamda sug‘orish quduqlarini zamonaviy raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA