“OpenAI” suiqasdni bartaraf etishga yordam berdi
“Palm Beach Post” nashrining sud hujjatlariga tayanib xabar qilishicha, “OpenAI” xavfsizlik tizimi AQSHning Florida shtatida yashovchi 21 yoshli ayolga nisbatan rejalashtirilgan og‘ir jinoyatning oldini oldi.
“Goldman Sachs” investitsiya bankining 25 yoshli tahlilchisi Darren Shida Chjou chat-bot bilan yozishmalarida sobiq sevgilisini o‘g‘irlab ketish va o‘ldirish niyatida ekanini atroflicha tasvirlab berib, agar qiz unga ikkinchi imkoniyatni bermasa, ushbu jinoyatni sodir etib, so‘ng o‘z joniga qasd qilishini yozgan.
Suhbatdagi tahdidlarni aniqlagan “OpenAI” xavfsizlik tizimi holatni sinchiklab tekshirgach, ma’lumotlarni Federal qidiruv byurosiga (FQB) yuborgan. Tezkor o‘rganishlardan so‘ng, mahalliy politsiya mazkur xabarlarni haqiqiy xavf sifatida baholab, Chjouni hibsga oldi. Sud jarayonida aybdor o‘z qilmishini tan oldi va ajrashgandan so‘ng sobiq sevgilisiga turli raqamlardan tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib, bezovta qilganini tasdiqladi.
Sud qaroriga ko‘ra, Chjouga 8 yillik sinov muddati (shartli jazo) belgilandi. Shuningdek, unga jabrlanuvchi bilan bog‘lanish va o‘qotar qurolga egalik qilish qat’iyan man etildi. Yuz bergan voqeadan so‘ng “Goldman Sachs” kompaniyasi jinoyatchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA