Opa-singillarimizning tadbirkorligi faol qo‘llab-quvvatlanmoqda
Mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
2025 yil davomida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ma’sul vazirlik va idoralar bilan birgalikda oilalarni va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, biznesini va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, oilalar daromadini oshirish maqsadida olib borilgan tizimli ishlar natijasida o‘tgan yilda 2,3 million nafar xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan ta’minlashga ko‘maklashildi va 2024 yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 2,4 baravarga ortdi. Shundan, 735,7 ming nafar xotin-qizlar bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirildi.
Tegishli vazirlik va bank tuzilmalari bilan birgalikda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qishtishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qo‘mita tomonidan “Sayxunobod tajribasi” asosida hududiy Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari orqali 100 ming 328 nafar xotin-qiz o‘quvlarga jalb etildi. Ulardan o‘quv kurslarini yakunlagan 96 ming 351 nafar xotin-qizga sertifikatlar topshirildi va shundan 70 ming 793 nafar ayolning bandligi ta’minlandi. Ayniqsa, tikuvchilik, issiqxona, gulchilik, tomorqachilik, pazandalik, asalarichilik, qandolatchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borildi.
187 ming nafar xotin-qizlar “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qitildi. Shu bilan birga, o‘rmon va qishloq xo‘jaligi sohasi, gul, limon, daraxt ko‘chati yetishtiruvchi, ko‘chat payvandlovchi, dorivor giyohlar yetishtirishga yordam ko‘rsatildi. Xonadonlarda pillachilikka imkoniyati bo‘lmagan ayollarning bandligini ta’minlashga amaliy ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.
Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda “Ayollar korporativ forumi” konsepsiyasi ishlab chiqildi.
1 ming 160 ta mahallada Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ishga tushirildi. Markazlar faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Takliflar inobatga olindi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 3 dekabr kuni “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bugungi kunda mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli ishlar olib borilmoqda.
Qo‘mita tomonidan yil davomida 27 ta xalqaro tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Koreyaning EXIM BANK (Eksportn-import banki) hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ayollarni tadbirkorlikka o‘rgatish va o‘rganilgan ko‘nikmalarni amaliyotda sinash markazini ishga tushirish uchun tegishli tadbirkorlik loyihasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan 2026 yilda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar ro‘yxatiga kiritildi.
Jahon banki va Yaponiya ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasining grant mablag‘lari ishtirokidagi “Qishloq ayollari iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida jami 180 ta “Ayollar farovonligini oshirish guruhlari” tashkil etildi. Dastur doirasida 1000 nafardan ziyod xotin-qizlar qamrab olindi.
Ushbu loyiha doirasida 800 ga yaqin xotin-qizlar tadbirkorlik faoliyatlarini boshladi. 175 nafar ayol ishtirokidagi kichik korxonalar tashkil etildi. Ushbu korxonalarga jami salmoqli miqdorda moliyaviy mablag‘lar taqdim etildi.
Rossiya, Koreya, Germaniya, BAA, Hindiston, Saudiya Arabistoni podshohligi, Qozog‘iston, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Latviya davlatlari bilan onlayn, Koreya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi davlatlari bilan oflayn sayyor qabullar tashkil etildi. Natijada 1 ming 210 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan ayollarga amaliy yordam berilib, Vatanga qaytarilishiga ko‘maklashildi.
O‘zbekiston fuqarolari ko‘p bo‘lgan Seul shahrida “Opa-singillar” jamoat tashkiloti kengashi tashkil etildi. Ikkinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumi doirasida “O‘zbekiston-Xitoy innovatsiya hamda tadbirkorlik bo‘yicha hamkorlik" xalqaro ayollar forumi o‘tkazildi.
BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi hamkorligida oilalarda, xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalalarida Toshkent shahri va Toshkent viloyati xotin-qizlar faollari va Targ‘ibot guruhining 1000 nafar a’zolari uchun o‘quvlar tashkil etildi.
BMT Taraqqiyot dasturining “Markaziy Osiyoda zo‘ravon ekstremizmning oldini olish maqsadida barqaror jamoalarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlarida 200 nafar mahalla xotin-qizlar faollari uchun hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) tomonidan “Zo‘ravonlik sodir etgan yoki unga moyil shaxsning zo‘ravon xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha korreksion dasturini amalga oshirish metodikasi” yo‘nalishida Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi 200 nafar mahalla xotin-qizlar faollari uchun o‘quvlar tashkil etildi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 380 ming 687 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun kerakli miqdorda kredit mablag‘lari ajratildi. Tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash natijasida o‘tgan yilda 50 ming nafar ayol yangi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida 140 nafar lider tadbirkor ayollar ishtirokida “Ayol, biznes, innovatsiya” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. 108,1 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlar lider tadbirkorlarga biriktirilib, daromad topish imkoniyati kengaytirildi.
Xotin-qizlarni uy mehnati bilan ta’minlaydigan 12 ming 505 nafar lider tadbirkor ayollarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Faoliyat turlariga ko‘ra guruhlarga bo‘lindi va ularga xonadonlarda uy mehnati bilan shug‘ullanadigan 108 ming 108 nafar xotin-qizning hududlar kesimida biriktirish orqali daromad olish imkoniyati oshirildi. Jumladan, opa-singillarimiz tikuvchilik, hunarmandchilik, uy sharoitida yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash, gul ko‘chatlarini parvarishlash va sotish, milliy do‘ppilar tikish, asalarichilik, poyabzal va o‘yinchoqlar ishlab chiqish, ro‘mol to‘qish hamda zargarlik yo‘nalishlariga biriktirildi.
Xonadonlarda ayollarimizning tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga oid 4 ming 201 ta kichik ishlab chiqarish sexlari tashkil etildi. Qo‘mita mutasaddilarining hududlarga tashrifi chog‘ida 632 nafar ayollar rahbarlik qilayotgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan muloqot uchrashuvlari tashkil etildi.
Bunda tadbirkorlarning muammolari batafsil o‘rganib chiqilib, ularning aksariyati ijobiy hal etildi. Bu boradagi barcha sa’y-harakatlar opa-singillarimizning mehnat bandligini ta’minlashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri