Onaning koʻz yoshi qalblarni titratadi
Ammo koʻcha tasodiflarga toʻla. Inson kutilmaganda turli koʻngilsiz holatlar bilan yuzma-yuz boʻlishi hech gap emas.
Asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan milliy mentalitetimizga koʻra, onaga hurmat koʻrsatish, onani eʼzozlash xalqimizning milliy qadriyatlari darajasiga koʻtarilgan. Boisi millat kelajagi, barkamol avlodlar tarbiyasi volidai muhtaramalarimiz qoʻlida boʻladi. Shu sababli onalar tinch oilalar xotirjam, oilalar farogʻati esa jamiyat tinchidir.
Ammo koʻcha tasodiflarga toʻla. Inson kutilmaganda turli koʻngilsiz holatlar bilan yuzma-yuz boʻlishi hech gap emas. Oilaviy tarbiya, bilim, sabr va iroda insonni bunday kutilmagan falokatlardan asraydi.
Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi K. Muhiddin (ism-shariflar oʻzgartirilgan) mashina boshqarib borayotganida yoʻlni kesib oʻtayotgan uch-toʻrt chogʻli yigitlar turli gaplar bilan uning asabini buzishdi. Bundan gʻazablangan haydovchi mashinani toʻxtatib, yigitlar yoʻlini toʻsdi va ogʻzaki tortishuv dahanaki mushtlashuvga aylandi.
Onalar har qanday sharoitda ham mehribon. Mahallaga kechki sayrga chiqqan uch nafar ayollar janjallashayotganlarni ajratib qoʻyishdi. Haydovchiga kuchi yetmasligini anglagan uch nafar yigitlar bir zumda juftakni rostlab qolishdi. Xumori bosilmayotgan haydovchi alamini kimdan olishni bilmay, oʻz yoʻlida ketayotgan ayollarni toʻxtatdi.
– Bolalar qayoqqa gʻoyib boʻldi,-dedi ayollardan birini oʻziga qaratgan Muhiddin. – Menga ularni topib berasizlar. Bu zumrashalarga otasi tengi odam bilan janjallashish qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyishim kerak.
– Kap-katta odam uyalmaysizmi? Bizni tinch qoʻying! – deya bir necha farzandning onasi Zarifa yoʻlida davom etmoqchi boʻldi.
Ammo Muhiddin gʻazab bilan ayolni oʻziga qaratmoqchi boʻlib tortdi va kutilmaganda Zarifa opa yerga yiqilib tushdi. Bu holatni koʻrgan va erkakning nafratidan qoʻrqib ketgan ikki ayol dod-voy solib yugurishdi. Shovqindan Zarifa opaning turmush oʻrtogʻi uydan koʻchaga yugurib chiqib, voqea joyiga yetib keldi. Shu orada doʻstlaridan biri Zarifa opaning ustaxonada ishlaydigan oʻgʻli Sodiqjonga telefon qilib, onasi koʻchada yerda yiqilib yotganini aytadi. Yuragiga gʻulgʻula tushgan Sodiqjon ustaxonadan katta ketmon sopini olib voqea joyiga yugurdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, onasi yerda yuztuban yotar, otasining uni turgʻizishga boʻlgan urinishlari besamar ketayotgan edi.
– Uka, meni kechiring! – dedi Muhiddin aybdorona. – Jahl ustida bilmay onangizni urib qoʻydim...
– Nima deding, iflos!
Koʻziga qon toʻlgan Sodiqjon haydovchiga tashlanib, haligi ketmon sopi bilan uning oyoqlariga ura boshladi.
Vaziyat yana-da qaltislashishi mumkinligini tushungan Sodiqjonning otasi oʻgʻlini tinchlantirishga urindi. Kutilmaganda sodir boʻlgan ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirib, surishtiruv ishlari olib borildi va A. Sodiqjonga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Yaqinda Jinoyat ishlari boʻyicha Beshariq tumani sudi Oltiariq tumani “Navqiron” mahalla fuqarolar yigʻinida ochiq sayyor sud majlisini oʻtkazdi. Voqea ishtirokchilari, guvohlar, jabrlanuvchi va gumondor shaxs koʻrsatmalari, voqea tafsilotlari batafsil oʻrganildi. Ish boʻyicha barcha holatlar oʻrganilgach, jabrlanuvchining sudlanuvchiga nisbatan daʼvosi yoʻqligi inobatga olindi. Sud qaroriga koʻra A. Sodiqjon aybli topilgan boʻlsada, insonparvarlik tamoyilidan kelib chiqib, jazodan ozod qilindi.
Aslida bunday xatti-harakatni oqlab boʻlmasa-da, sud jarayoni ishtirokchilarining eʼtirofi boʻyicha onasining himoyasi uchun shunday ishga qoʻl urgan oʻgʻilning qilmishi volidai muhtaramalarning hurmati uchun kechirildi. Bu keyingi yillarda sudlarda oqlov jarayoni kengayishi bilan bogʻliq hayotbaxsh islohotlarning amaldagi yana bir tasdigʻidir.
Furqatjon SOBIROV,
Jinoyat ishlari boʻyicha Beshariq tumani sudi raisi