Ona tilim – g‘ururim, faxrim!
Insonning ongu shuuriga, qalbiga Ona tili ona allasi bilan kiradi. Bir umr yodidan ko‘tarilmaydi, eng shirin, eng laziz damlarni yodga soladi. Shuning uchun ham tilni millatning g‘ururi, iftixori darajasiga ko‘taramiz. Bu yil O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan joylarda tadbirlar, uchrashuvlar, adabiy-badiiy kechalar bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida ham «Ona tilim – g‘ururim, faxrim» mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda tilimiz ravnaqiga hissa qo‘shib kelayotgan tilshunos, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, o‘qituvchilar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar tilimizning ijtimoiy hayotimizda va milliy yuksalishimizda ahamiyati beqiyos ekanini aytib o‘tdilar.
– Har bir xalqning madaniyati, ma’naviyati, ruhiy parvozlarini ko‘z-ko‘z qiluvchi yagona omil mavjud. Bu tildir. Uning asrlar mobaynida takomiliga yetib borguvchi adabiyoti, san’ati, ruhiy qadriyatlari til orqali namoyon bo‘ladi, – dedi shoir Bobur bobomurod. – Shu ma’noda til – katta ma’naviy boylik, xalqning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqaruvchi vositadir.
Shundan so‘ng, milliy qadriyatlarimizdan hisoblanmish alla sadosi yangradi. Qadriyatlarimiz orasida eng ajoyib bo‘lgan an’ana bolani beshikka solish marosimi ijro etildi. Ulug‘ shoirimiz Muhammad Yusuf ijodidan hamda tilimizni ulug‘lovchi va madh etuvchi she’rlar o‘qildi. Xalq og‘zaki ijodidan aytilgan laparlar esa barcha tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
O‘tkazilgan ushbu tadbir barchaning qalbiga iliqlik baxsh etdi. Bizga beshikdan qadrdon bo‘lgan Ona tilimiz bilan faxrlanishimiz yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Fayzullo Yaxyoyev, O‘zA