Ona tili – millat gʻururi
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi, DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli Qarshi shahardagi harbiy qism qoʻmondonligi hamkorligida “Tarixim, baxtim, faxrim – ona tilim” shiori ostida tadbir oʻtkazildi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi, DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli Qarshi shahardagi harbiy qism qoʻmondonligi hamkorligida “Tarixim, baxtim, faxrim – ona tilim” shiori ostida tadbir oʻtkazildi.
Insonda ona bitta boʻlgani kabi, ona tili ham yagona boʻladi. Har kim qondosh, qarindosh, Vatan tushunchalarini ilk bor ona tilida anglaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, til, millat, vatan tushunchalari doimo yonma-yon ifoda etiladi. Til millatning ruhi, qalbi, taʼbir joiz boʻlsa, butun borligʻi sifatida taʼriflanadi.

Davlat tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanmoqda. Endigi vazifa uning xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishdan iboratdir. Buning uchun nimalarga alohida eʼtibor qaratmoq kerak, oʻzbek tilining nufuzini yuksaltirish uchun har bir Oʻzbekiston farzandidan nimalar talab qilinadi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar shu kabi masalalarda oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ming yillik tariximizga nazar tashlasak, jannatmonand yurtimizni qayta-qayta bosib olgan yovuz kuchlar bizni millat sifatida yoʻq qilib yuborish maqsadida oʻz tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinimizdan judo qilishga uringan. Lekin imoni butun, matonatli xalqimiz eng ogʻir, mashaqqatli davrlarda ham oʻz ona tilini – milliy gʻururini omon saqlab qola olgan. Tadbirda bugungi dorilomon kunlarda ana shu tilning nufuzini yuksaltirishga intilish orimiz, nomusimiz ekani, ajdodlarimiz ruhiga koʻrsatgan hurmatimiz boʻlishi alohida taʼkidlandi.

Tadbir soʻngida harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitob mutoalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida DXX Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan 600 ta badiiy adabiyotlar harbiy xizmatchilarga sovgʻa tariqasida tarqatildi.
Tadbirda harbiy qism komandirlari, viloyatda faoliyat yuritayotgan shoir va yozuvchilar, tilshunoslar, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari va bir guruh harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
