O‘n ming qadam — sog‘lom kelajak garovi
Bugun jamiyat taraqqiyoti, avvalo, inson salomatligi va sog‘lom turmush madaniyati bilan chambarchas bog‘liq.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Sog‘lom hayot uchun o‘n ming qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni tashkil etildi.
Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida o‘tkazilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar faol ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish yo‘lida bir maqsad atrofida birlashdi. Erta tongdagi ko‘tarinki muhit, ishtirokchilarning faolligi va hamjihatlik ruhi marafonga o‘ziga xos mazmun bag‘ishladi. Marafon davomida ishtirokchilar sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish zarurligini amalda namoyon etdilar. Bu esa jamiyatda “Sog‘lom inson — kuchli jamiyat” degan tamoyil tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirda yoshlarning faol ishtiroki marafonga yanada katta mazmun va ijtimoiy ahamiyat bag‘ishladi. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida nafaqat sifatli ta’lim, balki sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilayotganini yaqqol namoyon etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA