Ommaviy sport va xalqaro hamkorlik — talabalar sportining taraqqiyoti omili
O‘zbekistonda talabalar sportini rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish va universitetlarning xalqaro sport maydonidagi ishtirokini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonda talabalar sportini rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish va iqtidorli sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Birinchi Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi esa ushbu yo‘nalishdagi tajribani xalqaro maydonda namoyish etish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va universitetlar sportini rivojlantirishning yangi istiqbollarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Forumning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida talabalar sporti bo‘yicha tajriba almashish, xalqaro sport tashkilotlari bilan aloqalarni kengaytirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat bo‘ldi. Unda Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leons Eder boshchiligidagi delegatsiya, mintaqadagi davlatlar sport tashkilotlari vakillari hamda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi mas’ullari ishtirok etdi.
Forum doirasida talabalar sportini rivojlantirish, sport va ta’limni uyg‘unlashtirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu kabi muloqotlar talabalar sportiga faqat musobaqalar tizimi sifatida emas, balki yoshlarning jismoniy faolligi, ta’lim olishi va kamol topishini qo‘llab-quvvatlovchi muhim yo‘nalish sifatida qarash zarurligini ko‘rsatadi.

Forumning muhim amaliy natijalaridan biri FISU bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, shuningdek, FISU bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlarining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur kelishuvlar talabalar sporti sohasida xalqaro tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish uchun asos yaratadi.
Shuningdek, muzokaralarda universitetlar sportini xalqaro tizim bilan yanada yaqinlashtirish, talabalar farovonligini qo‘llab-quvvatlash va kelgusida FISU jahon universitetlar chempionatlarini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunday musobaqalarni qabul qilish istiqboli mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining sport salohiyatini namoyon etish, xalqaro tadbirlarni tashkil etish tajribasini oshirish va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish nuqtai nazaridan ahamiyatli. Ayni paytda bu maqsadga erishish hamkorlik kelishuvlarini aniq dasturlar va amaliy tashabbuslar bilan davom ettirishni taqozo etadi.

Ommaviylik — talabalar sportining tayanchi
Mamlakatimizdagi 207 ta oliy ta’lim muassasasida 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil oladi. Bu ko‘rsatkich yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning muntazam jismoniy faolligini ta’minlash va iqtidorli sportchilarni aniqlash uchun katta imkoniyat mavjudligini anglatadi. Biroq, bunday salohiyatdan samarali foydalanish sport tadbirlarini tashkil etish bilan birga, ularning ommaviyligi va uzluksizligini ta’minlashni ham talab qiladi.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda «Besh tashabbus olimpiadasi»da 452 ming nafar, «Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi»da 155 ming nafar, «Talabalar ligasi» musobaqalarida esa 281 ming nafar ishtirokchi qatnashgan. 2026-yilda «Besh tashabbus olimpiadasi» qamrovini 600 ming nafarga, «Talabalar ligasi» ishtirokchilari sonini 300 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Ushbu raqamlar talabalar o‘rtasida sport musobaqalarini kengaytirishga qaratilgan rejalar ko‘lamini aks ettiradi. Shu bilan birga, qamrovni oshirishning o‘zi yetarli emas. Musobaqalarning barcha hududlarda muntazam o‘tkazilishi, oliy ta’lim muassasalarida sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratilishi va ishtirokchilarning keyingi bosqichlarga saralanish tizimi samarali ishlashi ham muhimdir. Zero, ommaviy sportning natijasi faqat musobaqada qatnashganlar soni bilan emas, balki yoshlarning sportga doimiy jalb etilishi bilan ham belgilanadi.

Xalqaro kelishuvlardan amaliy natijalarga
Talabalar sportini rivojlantirishda ommaviy musobaqalar va xalqaro hamkorlik bir-birini to‘ldiruvchi yo‘nalishlar. Bir tomondan, mamlakat miqyosidagi musobaqalar yoshlarni sportga jalb etish va iqtidorlarni aniqlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, xalqaro aloqalar ilg‘or tajribani o‘rganish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va universitetlar sportining imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘l ochadi.
Shu ma’noda, forumda imzolangan memorandumlarning ahamiyati ularning amaliy natijalarda namoyon bo‘lishi bilan belgilanadi. Qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, talabalar sportiga oid tajriba almashishni muntazam davom ettirish, sport va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish hamda universitetlarning xalqaro dasturlardagi ishtirokini kengaytirish kelgusi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘lishi mumkin.

FISU bilan aloqalarni mustahkamlash jahon universitetlar chempionatlarini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganish uchun ham zamin yaratadi. Buning uchun xalqaro talablarga mos tashkiliy salohiyatni rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalari va sport tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, talabalar sporti infratuzilmasidan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman, Birinchi Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi talabalar sportini rivojlantirishda mintaqaviy muloqot va xalqaro hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Endi asosiy vazifa — erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalar bilan davom ettirish, sport musobaqalari qamrovini kengaytirish va yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun imkoniyatlarni oshirish. Ommaviylik, ta’lim va xalqaro hamkorlikning o‘zaro uyg‘unligi O‘zbekiston universitetlar sportining kelgusi rivojida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA