Omilkorlik – mo‘l hosil garovi
Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari ta’mi va foydali elementlarga boyligi bilan chet ellik iste’molchilarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari ta’mi va foydali elementlarga boyligi bilan chet ellik iste’molchilarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.Xalqaro ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda yetishtirilgan bog‘ va poliz mahsulotlari bebaho iste’mol xususiyati, tarkibida tabiiy shakar, amino hamda organik kislotalar, salomatlik uchun muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan ajralib turadi.
Navoiy viloyatida ham bog‘ va uzumzorlarni kengaytirish, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili viloyatda 232 gektar intensiv bog‘ hamda 191 gektar tokzor barpo etilib, intensiv bog‘larning umumiy maydoni 1 ming 483 gektarga, tokzorlar esa 4 ming 162 gektarga yetkazildi.
Viloyatda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, iqtisodiy samara bermayotgan yaroqsiz bog‘ va tokzorlarni rekonstruksiya qilish, muzlatkichli omborxonalar, issiqxonalar, qayta ishlash korxonalari tashkil etish, qator oralarida sabzavot, poliz va boshqa ekinlar ekish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda shular haqida so‘z bordi.
Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari S.Hamroyev, “O‘zvinosanoatxolding” xolding kompaniyasi boshqarma boshlig‘i A.Ahmadjonova va boshqalar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.
– Bog‘dorchilikda daraxtlarni yangilash, kam hosil beradigan bog‘lar o‘rniga serhosil ko‘chatlar ekish, yerga va iqlimga mos navlar tanlash yuqori samara beradi, – deydi Navoiy viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi Shavkat Bobomurodov. – Shu bois o‘tgan yili 5 fermer xo‘jaligining 14 gektarlik mevali bog‘i rekonstruksiya qilindi. 116 gektar eski tokzorlar o‘rnida yangisi barpo etildi.
Joriy yilda ham bog‘ va tokzorlarni ko‘paytirish, qator oralariga poliz va sabzavot ekinlari ekish ko‘lamini kengaytirish, mahsulotni sifatli saqlash maqsadida sovutkich va omborxonalar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-yilda 833 gektar maydonda intensiv bog‘, 670 gektar tokzor barpo etish rejalashtirilgan. Eskirgan va kam hosilli 519 gektar bog‘ va 91 gektar uzumzor rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 12 istiqbolli loyiha asosida qariyb 2 ming 100 tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxonalar tashkil etiladi. Yetishtirilgan mahsulotni tez va sifatli qayta ishlash maqsadida 5 mini-zavod barpo etilishi yiliga qo‘shimcha 3 ming 520 tonna mahsulot tayyorlash imkonini beradi.
Seminarda turli mevali daraxt navlari, hasharot va zararkunandalarga qarshi dori vositalari, qo‘llanma va tavsiyanomalar, texnika va uskunalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.