Ombudsmanning BMT bilan hamkorligi rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova,
Ombudsman o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova hamda Ombudsman kotibiyati mudiri Saidbek Azimov BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer hamda BMTning O‘zbekistondagi agentliklari mas’ul rahbarlari: BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi vakili Matilda Dimovska, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mamedzade, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining (UNODC) rahbari Ashita Mittal, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi xodimi (UNFPA) Kamolxon Inomxo‘jayev, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakili (OHCHR) Guljahon Amanova, BMT OIV/OITSga qarshi qo‘shma dasturining (UNAIDS) mamlakat miqyosidagi menejeri Charos Maqsudovalar bilan uchrashdi.
Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ombudsman Feruza Eshmatova Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning joriy yildagi faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
U o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagani, mazkur vazifa davlat rahbarining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda 2021 yilgi “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham aks etganiga e’tibor qaratdi.
BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer Ombudsman institutiga “B” maqomi berilgani bilan tabriklab, ushbu muvaffaqiyatlar davomli bo‘lishi, endi “A” statusi uchun harakat qilish kerakligini ta’kidladi va bu borada Ombudsmanga yaqin ko‘makdosh bo‘lishini bildirdi.
– Bu yil O‘zbekiston uchun inson huquqlarini ta’minlash borasidagi muhim yil, – deydi Xelena Freyzer. – Chunki, davlatingiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashida to‘laqonli a’zo sifatida ish olib boradi. O‘zbekiston Prezidentining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ta’kidlangan qiynoqlarga barham berish bo‘yicha fakultativ protokolning ratifikatsiya qilinishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi bizni juda quvontirdi. Shuningdek, bu yilda O‘zbekistonga qiynoqlarga barham berish bo‘yicha oliy vakil ham keladi.
O‘zA