Ombudsman faoliyati tahlil qilindi
Poytaxtimizda Ombudsmanning 2021 yildagi asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ombudsman huzuridagi komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi kun tartibidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilning (ombudsman) 2021 yil 1-yarim yillikdagi faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Ombudsman oldida turgan vazifalar, faoliyatdagi rejalar va boshqa qator masalalar muhokama qilindi.
[gallery-3208]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilning birinchi yarim yilligida Vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 632 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning sal kam 40 foizi ya’ni 4083 tasi shaxsiy huquq va erkinliklarni amalga oshirish masalasiga taalluqli. Ombudsman ish yurituviga olingan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida 13 ta jinoiy, 4 ta ma’muriy va 8 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi, mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 23 ta tekshiruv o‘tkazildi, 16 nafar davlat idoralari xodimlari turli darajadagi javobgarliklarga tortildi, sud qarorlariga nisbatan 2 ta protest kiritildi hamda murojaat qiluvchilar manfaatlarini ko‘zlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 26 ta qaror bekor qilindi.
Fuqarolarning iqtisodiy huquq va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq murojaatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida sudlarga 107,4 million so‘m mehnat haqini undirishga qaratilgan 8 ta da’vo arizasi kiritildi. 24 nafar fuqaroga 345,8 million so‘mlik mehnat haqi to‘lanishi ta’minlandi. 10 nafardan ortiq fuqarolar ishga tiklandi. 2 nafar fuqaro ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun 4,4 million so‘mlik sog‘ligiga yetkazilgan zarar undirildi, shuningdek, fuqarolarga 108 million so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi. Murojat etuvchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 164,8 million so‘mlik zarar undirildi. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 9 ta fuqaroga uy-joy ajratilishida yordam berildi. Tadbirkorlarga 135,0 million so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Vakil jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashda Ombudsman tomonidan yuborilgan so‘rovlarga belgilangan muddatlarda javob qaytarmay, murojaatlar bilan ishlash talablarini buzgan tegishli davlat idoralariga Vakil taqdimnomalari kiritilgani va o‘z faoliyatida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 77 nafar xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi, 6 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va 5 nafari egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.
Tadbirda, shuningdek, Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida amalga oshirilgan ishlar, qonunchilikni takomillashtirish, parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, Ombudsman faoliyatini ochiq va shaffof tarzda tashkil etish hamda boshqa yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Yig‘ilish davomida majlis kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi va komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari
bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati