«Ombor kitobi» loyihasi raqamlashtirildi
O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlaridagi qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sohasi ko‘rsatkichlarini to‘liq qamrab oluvchi «Ombor kitobi» loyihasi raqamlashtirildi.
Agrar va oziq-ovqat sohalaridagi strategik maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan ushbu loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2024 yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar asosida ishlab chiqilgan. Bu mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.
«Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan mazkur tizim «yer balansi», «suv balansi», «oziq-ovqat balansi», «investitsiya-eksport» kabi asosiy yo‘nalishlardagi ma’lumotlarni boshqaradi. Bu orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish samaradorligini oshadi.
Bunda vazifalar monitoring qilinadi va ijro jarayonlari bevosita kuzatib boriladi. Shuningdek, axborot tizimi bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va tuman bo‘limlari vakillari uchun seminar-treninglar tashkil etildi.
«Ombor kitobi»ning asosiy maqsadi – oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi resurslarini samarali boshqarish va eksport imkoniyatlarini oshirishdan iborat. Joriy yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan belgilangan prognoz parametrlarga erishish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi.
Ushbu loyihaning amaliyotga joriy etilishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini zamonaviylashtirish va global raqobatbardoshlikni oshirishda ulkan yutuqlarga olib kelishi kutilmoqda, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida. Qolaversa, mazkur tizim umumiy jarayonlar davomida yanada takomillashtirib boriladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA