Oltinko‘l tumanida chigit unib chiqdi
Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Qadir textile claster" mas’uliyati cheklangan jamiyati klaster korxonasi dala maydonlarida chigit unib chiqdi.
Paxtachilik sohasida Andijonda ulkan tajriba maktabi yaratilgan. Plyonka ostiga chigit ekish, hosilni erta yetishtirish, sifatli hosil olishda, ayniqsa, oltinko‘llik paxtakorlarning o‘ziga xos an’analari bor. Shu bois ham tuman paxtakorlari ko‘p yillardan buyon paxtadan mo‘l hosil yetishtirib keladi.
“Qadir textile claster" mas’uliyati cheklangan jamiyati klaster korxonasi mutaxassis va dehqonlarining samarali mehnati natijasida nafaqat tumanda, balki viloyatda birinchilar qatori yerga qadalgan chigitdan bir tekis ko‘chat undirildi. Joriy yilda klaster korxonasi tomonidan 147 ta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar asosida 4 ming 992 gektar maydonga plyonka ostiga “Andijon-37”, “UzPITI-2003” chigit navlarini ekib, parvarishlamoqda.
Qilinayotgan mehnatlarning dastlabki samarasi yuz ko‘rsatdi. Dalalarda chigit bir tekis bo‘lib unib chiqdi. Ayni paytda klaster korxonasi mutaxassislari, qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimlari tomonidan g‘o‘za maydonlarini zararkunandalarga qarshi kurashish vositalari bilan ta’minlash, chigit unib chiqqan maydonlardagi g‘o‘za nihollariga kompleks ishlov berish ishlari olib borilmoqda.
[gallery-6473]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat) O‘zA