Oltiariqlik mirishkorlar doim izlanishda
Oltiariq tumani nafaqat Farg‘ona viloyatida balki yurtimizda ham mirishkorligi va tadbirkorligi bilan mashhur. Ayniqsa, tomorqachilikda o‘ziga xos maktab yaratilgan.
O‘tgan yili Farg‘ona tajribasi asosida “mahallabay” o‘rganishlar jarayonida tumandagi 72 ta mahalla fuqarolar yig‘ini aholi turmush farovonligi, doimiy daromad manbalari inobatga olinib, uch toifaga ajratildi. Har bir mahalla kesimida “o‘sish nuqta”lari aniqlanib, tomorqadan samarali foydalanish, issiqxonalar tashkil etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Hozirgi kunga qadar tuman miqyosida 213 gektar yerda issiqxonalar tashkil etildi. Aholining shaxsiy tomorqa yerlaridagi issiqxonalar 172 gektarga yetdi.
Poloson, Povulg‘on, Azimobod, Eskiarab, Yangiqo‘rg‘on singari qishloqlarda tomorqa mirishkorlari ko‘p bo‘lib, deyarli har bir oilada issiqxona bor. Qiziltepa, Bo‘rboliq, Jonibek singari hududlar aholisi o‘rtasida ham tomorqada issiqxonalar barpo etish orqali yerdan unumli foydalanish tobora keng quloch yozmoqda.
Oltiariqda keyingi yillarda Qapchug‘ay, Zilxa qir-adirlari, Bo‘rboliqning qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan tosh-shag‘al yerlari ham o‘zlashtirilib, issiqxonalar tashkil etilyapti. Dehqonchilikda innovatsiya keng joriy etilib, hosildorlik va daromad salmog‘i yildan-yilga ortib borishiga erishilyapti.
Tumanda dehqonchilikni ilmiy asosda rivojlantirayotgan Abduvohid Mirzajonov, Abdumutal G‘ofurov, Isaqjon Boymatov, Ashurali Karimov, Ibrohim Rahimov kabi katta hayotiy tajribaga ega tomorqachilik mirishkorlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu insonlar hazilomuz ohangda “agar tabiiy gaz va elektrdan muammo bo‘lmasa, oltiariqliklar meva-sabzavotlari bilan jahon bozorini egallaydi” deb qo‘yishadi.
– Tajriba tariqasida mahsulotlarimizni Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Koreya Respublikasi, Yevropa davlatlari bozorlariga kiritib ko‘rdik, – deydi dehqonchilik bilimdoni Isaqjon Boymatov. – Ammo bu yurt tadbirkorlari bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzish uchun bizga doimiy ravishda mahsulotlar zaxirasi kerak. Misol uchun, xitoyliklar mevalarimizga katta qiziqish bildirishyapti. Lekin Xitoy bozorini ta’minlash uchun raqobatbardosh mahsulot yetishtirishdan tashqari, qadoqlash, qayta ishlash, logistika xizmatlari yaxshi rivojlangan bo‘lishi zarur.
Ayni kunlarda Hindistondan kishmish uzumini olib kelib, Oltiariqning iqlim sharoitiga moslashtirish hamda undan eksportbop sifatli mahsulot olish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalar olib boryapmiz.
Hozirgi kunda Oltiariqda viloyatda eng ko‘p – 82 ta, sig‘imi qariyb 60 ming tonna bo‘lgan muzlatkichli omborxonalar mavjud. 2020 yil tumanda birgina uzum hosilining salmog‘i 54 ming 276 tonnani tashkil etib, uning 16,2 ming tonnasi eksport qilindi. Natijada uzumchilik tarmog‘ining o‘zidan 15,2 million AQSH dollari miqdorida valyuta jalb etildi.
Uddaburonlikda oltiariqliklarning oldiga tushadigani yo‘q. Ayni kunlarda tuman mirishkorlari issiqxonada sitrus mevalar yetishtirish, uzumchilik tarmog‘ini yanada kengaytirish uchun yangi-yangi navlarni mahalliy sharoitga moslashtirish, pavloniya plantatsiyalari tashkil etish bo‘yicha tajribalar olib borishyapti. Xullas, daromad keltirishi mumkin bo‘lgan hech bir soha, har qanday yangilik oltiariqliklar e’tiboridan chetda emas.
Yaqin istiqbolda bodring, turp, uzum singari mahsulotlarning issiqxona tajribasi Oltiariqning o‘ziga xos “brend”iga aylanishi, shubhasiz. Buning uchun tumanda yetarli sharoit va salohiyat bor.
M.Sulaymonov, O‘zA