Oltiariqda shunday bog‘cha borligini bilasizmi?
Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning har tomonlama yetuk shaxslar bo‘lib voyaga yetishishi uchun tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu borada hukumat qarorlari, davlat dasturlari qabul qilinyapti.
Lekin Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi 36-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga bu islohotlar shabadasi yetib kelmagan ko‘rinadi. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini ko‘riboq shunday fikrga kelishingiz tayin.
Tumanning "Hamid Olimjon" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan muassasa binosi qurilganiga qariyb 65 yil bo‘lgan, lekin yaqin yillarda umuman ta’mirlanmagan.
– Hududimizda aholi zich yashaydi. Bog‘cha uchun talab ham yuqori, – deydi DMTT mudirasi Maftunaxon Qodirova. – Yuqori tashkilotlarga ko‘p bora murojaat qilganmiz, lekin natija yo‘q. Ishchi guruh, hokimlik vakillari ham kelib o‘rganib ketishadi, biroq bosh chayqab, ahvolimizga achinishdan nariga o‘tishmaydi. Xonalar bolalarning o‘ynashi, ovqatlanishi, dam olishi uchun torlik qilsa-da, bir ilojini qilib joylashtiryapmiz. Binoning ba’zi joylari nurab, yildan- yilga yaroqsiz holga kelyapti.
[gallery-15630]
Bolalar bog‘chasi 90 o‘ringa mo‘ljallangan, lekin ayni kunda 180 nafar bola qatnayapti. Jami 42 nafar xodim mehnat qiladi.
– Oliy o‘quv yurtini tamomlab, shu yerga ishga kelganman. Shu yillar davomida bog‘chamiz biror marta to‘liq ta’mirlanmadi. Ba’zan oynai jahonda barcha qulaylikka ega, kichkintoylari mazza qilib tarbiyalanayotgan bog‘chalarni ko‘rib qolsam, ko‘zlarimdan yosh sizib chiqqanini sezmay qolaman, – deydi tarbiyachi Muazzamxon Akbarova.
Biz bu maskanda tarbiyalanayotgan beg‘ubor bolajonlardan kelgusida taniqli shoir-yozuvchilar, ixtirochi-yu muhandislar chiqishiga ishongimiz keladi. Lekin bunday abgor sharoitda voyaga yetayotgan jajjilarda nima ayb?
Bunga mas’ullar nima derkin?
M.Mamajonov,
O‘zA