Olti oyda qurilish ishlari hajmi 192 trilliondan oshdi
Qurilish sohasi mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlovchi muhim tarmoqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Keyingi yillarda infratuzilmani modernizatsiya qilish, yangi turar-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va sanoat majmualarini barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar sohada yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlamoqda. Bu esa aholi turmush sifati yaxshilanishi, investitsiya muhiti jozibadorligining oshishi hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida mamlakatda bajarilgan qurilish ishlari hajmi 192 trillion 8,1 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,8 foizga o‘sdi. Hisobot davrida hududlarda qurilish faolligi kengayib, xususiy sektorning ishtiroki yanada ortdi hamda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi davom etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Navoiy viloyatlari eng yuqori o‘sishni qayd etdi.
So‘nggi besh yillik dinamika tahlil qilinganda, qurilish tarmog‘ida izchil rivojlanish kuzatilmoqda. 2022-yilning birinchi yarmida sohada 59,7 trillion so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich uch barobardan ortiqqa oshgan. Bu mamlakatda shaharsozlik, uy-joy qurilishi, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Hududlar kesimida qurilish ishlarining eng katta hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda olti oy davomida 61,2 trillion so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (18,8 trln so‘m) va Farg‘ona viloyati (12,1 trln so‘m) joylashdi. Biroq o‘sish sur’ati bo‘yicha mutlaq yetakchilikni Qoraqalpog‘iston Respublikasi egalladi. Bu hududda qurilish ishlari 42,9 foizga oshib, o‘sish sur’ati 142,9 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, Samarqand viloyati 137,7 foiz, Navoiy viloyati 128,3 foiz, Xorazm viloyati 123,3 foiz, Farg‘ona viloyati 122,7 foiz, Jizzax viloyati 119,9 foiz, Andijon va Surxondaryo viloyatlari 119,7 foiz, Qashqadaryo viloyati esa 119,4 foiz o‘sishni qayd etdi. Bu raqamlar hududlarda investitsiya loyihalari, yangi sanoat korxonalari, ijtimoiy ob’ektlar va zamonaviy turar-joy massivlari qurilishi faollashayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlilga ko‘ra, qurilish ishlarining asosiy qismi an’anaviy ravishda bino va inshootlar qurilishi hissasiga to‘g‘ri keldi. Yarim yillikda, 132,6 trillion so‘mlik bino va inshootlar qurildi. 37,8 trillion so‘mlik fuqarolik ob’ektlari barpo etildi. 21,6 trillion so‘mlik ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bajarildi. Ayniqsa, ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari 39,5 foizga o‘sgani sohada zamonaviy texnologiyalar, muhandislik tarmoqlari, rekonstruksiya va maxsus montaj ishlariga talab ortib borayotganini anglatadi.

Tahlillar qurilish sohasida xususiy tadbirkorlikning roli tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Yanvar–iyun oylarida kichik korxona va mikrofirmalar 105,7 trillion so‘mlik qurilish ishlarini bajarib, umumiy hajmning 55 foizini ta’minladi. Yirik qurilish tashkilotlari 48,1 trillion so‘mlik ishlar bilan 25,1 foiz ulushga ega bo‘ldi.
Norasmiy sektor esa 38,2 trillion so‘mlik ishlar bajarib, 19,9 foizni tashkil qildi. Bu raqamlar qurilish sohasida raqobat muhiti kengayib, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o‘rni mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hajmi bo‘yicha Toshkent shahri 42,9 trillion so‘m, Toshkent viloyati – 10,3 trillion so‘m, Farg‘ona viloyati – 7,1 trillion so‘m bilan yetakchilik qildi.
Bu hududlarda yirik sanoat majmualari, logistika markazlari, ko‘p qavatli uy-joylar, transport infratuzilmasi hamda davlat investitsiya dasturlari doirasidagi ob’ektlar qurilishi jadal davom etayotgani bilan izohlanadi. Mulkchilik shakli bo‘yicha tahlil ham diqqatga sazovor. 2026-yilning birinchi yarmida qurilish ishlarining 97,6 foizi nodavlat sektor, 2,4 foizi davlat tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bu xususiy kapitalning qurilish sohasida hal qiluvchi kuchga aylanganini, investorlar uchun yaratilayotgan qulay muhit o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi. Qurilish tarmog‘ida qayd etilayotgan yuqori o‘sish mamlakat iqtisodiyotining boshqa sohalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yangi qurilish ob’ektlari sement, metall, qurilish materiallari, transport, logistika va xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga talabni oshirib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, sohada ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarining jadal o‘sishi qurilish madaniyati yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Zamonaviy muhandislik yechimlari, energiya tejovchi texnologiyalar va raqamli loyihalash usullari tobora keng qo‘llanilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA