Oloy bozorining zamonaviy qiyofasi
Toshkentning Oloy dehqon bozoriga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlar ham ko‘p kiradi. Mustaqilligimizning 25-yillik to‘yi arafasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilgan bozorga kirgan kishi bugun uni tanimay qolishi mumkin.
Toshkentning Oloy dehqon bozoriga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlar ham ko‘p kiradi. Mustaqilligimizning 25-yillik to‘yi arafasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilgan bozorga kirgan kishi bugun uni tanimay qolishi mumkin.Umumiy maydoni 4 gektarni tashkil etadigan bozorga kiraverishdagi eski arka olib tashlanib, atrofi ancha kengaytirilgan, ko‘kalamzorlashtirilgan. Yangi qiyofa yaratishda Sharq va G‘arb binokorligi an’analaridan keng foydalanilgan, milliy hunarmandlikka alohida urg‘u berilgan.
Bugun Oloy dehqon bozori poytaxtimizning eng ko‘rkam joylaridan biriga aylandi. Avvalgi qishloq xo‘jalik mahsulotlari rastalari o‘rniga 464 joydan iborat yangi pavilyon barpo etildi. Yangi qurilgan 80 metrli savdo majmualarida go‘sht, tuxum, sut va baliq mahsulotlari hamda sharqona shirinliklar uchun alohida joylar ajratilgan.
– Shunday zamonaviy va qulay bozor qurilganidan xursandmiz, – deydi bozorda ancha yillardan beri savdo qilib kelayotgan Juma Eshniyozov. – Bularning barchasi mustaqilligimiz sharofati, Yurtboshimizning xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish borasida ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligi samarasidir.
Bozor hududi ko‘kalamzorlashtirilib, rasta va pavilyonlar atrofiga 60 mingdan ko‘proq turli gul ko‘chatlari ekildi. Omborxonalar, bank bo‘limlari, maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari xaridorlar uchun qulaylik bo‘lsa, qandolatpazlar va novvoylar uchun ham alohida joylar qurilgani bunday mahsulotlarni xaridor ko‘z o‘ngida tayyorlash imkonini berayotir.
– Chak-chak, nisholda va turli-tuman holvalarni tayyorlashimiz uchun bizga barcha sharoit yaratib berilgan, – deydi qo‘qonlik qandolatchi Elyor Yoqubov. – Oltita shogirdim ko‘magida shu yerda har kuni 30 kilogrammlik qozonda nisholda pishirib, sotayapmiz. Holvalarni mijozlar talabiga ko‘ra mayizli, yong‘oqli, xurmoli qilib tayyorlab berayapmiz.
Aholi turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari haqida xolis tasavvur, avvalo, bozorlarda shakllanadi. Yurtimizda bunday maskanlarni yanada obod qilish, sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. “Toshbozorsavdo” uyushmasi tizimida 12 dehqon bozori, bitta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori, 2 ixtisoslashtirilgan bozor, oltita savdo majmuasi mavjud bo‘lib, ularning barchasi bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirilayotir.