Olotda vodiyning uzum va mevalari yetishtiriladi
Respublika hukumati hamda Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki hamkorligida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, jumladan, meva-sabzavotchilik sektorini rivojlantirish, bog‘-tokzorlarni kengaytirish hisobidan yetishtiriladigan mahsulot salmog‘ini oshirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyatining olis Olot tumanida aholini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy, ijtimoiy va boshqa xizmatlar qatorida darmondoriga boy meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda xalqaro moliya tashkiloti moddiy xayrixohligi tufayli tumanga qariyb 70 ming tup uzum va mevali daraxt ko‘chatlari keltirildi.

–Bunda respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi akademiya, shuningdek, Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlik qilindi, – deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. – Qishloq xo‘jaligi vazirligi akademiyasi mas’ul xodimlari tomonidan vodiy viloyatlaridagi ilg‘or xo‘jaliklarda yetishtirilgan mevali daraxt va tok ko‘chatlaridan viloyatning olis tumaniga jami 69 ming 986 tup, shundan 17 ming tup olma, 9 ming tup behi, 11 ming 540 tup o‘rik, 7 ming tupdan ortiq shaftoli, 3 ming 320 tup yong‘oq hamda turli xil va navga mansub uzum ko‘chatlari keltirildi. Ayni kunda hududdagi 38 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga taqsimlab, tarqatib berildi. Bundan tashqari, joriy yil yakunigacha jumladan, Olot tumanida 597 ming 600 tup ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilgan.


Ma’lumot uchun, joriy mavsumda tumanda avtomobil yo‘llari yoqasida 68 ming tup, fermer xo‘jaliklari foydalanishidagi yer maydonlari atroflariga 140 ming tup, O‘rmon xo‘jaligi tashkilotlari hududlarida 73 ming 600 tup, ijtimoiy soha inshootlari, idora va tashkilotlar hududida 28 ming tupdan ortiq, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘idagi inshootlar hududida 35 ming tup ko‘chat o‘tqazilmoqda. Xuddi shunday, tuman naslchilik xo‘jaligida 15 ming tup, suv oqova tuman filiali tomonidan 10 ming tup, elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti bo‘limlari tomonidan ming tup, madaniyat bo‘limi 1 ming 600 tup, qolaversa, mahalla fuqarolar yig‘inlarida 125 ming 300 tup tok va tut ko‘chatlari o‘tqazilib, bog‘ barpo etish maqsadida 23 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi ko‘zda tutilgan. Har bir o‘tqazilayotgan ko‘chatning suvga ehtiyoji, agrotexnik talabga mos parvarishi alohida o‘rganilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.