Olotda ilk bor ochiq yurak jarrohligi o‘tkazildi
Yurak — inson hayotining eng nozik va muqaddas ne’matlaridan biri. Ayniqsa, go‘dak yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish shifokordan yuksak bilim, ulkan tajriba, zamonaviy texnologiya va nihoyatda katta mas’uliyatni talab etadi. Bunday murakkab operatsiyalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi esa nafaqat bir oilaning quvonchi, balki butun hudud tibbiyoti uchun muhim voqeadir.
Buxoro viloyati tibbiyotida ana shunday quvonchli va ahamiyatli voqea qayd etildi. Buxoro viloyatininig Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh, eng chekka hududi Olot tumanida ilk bor bir yoshli qizaloqda ochiq yurakda murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Eng muhimi, kechagina bunday murakkab tibbiy amaliyot uchun poytaxt yoki yirik tibbiyot markazlariga borishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun yuksak texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamni aholi yashash joyiga yaqinlashtirish imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Bu — inson salomatligi va hayotini asrash yo‘lidagi islohotlarning joylardagi amaliy samarasi. Mazkur murakkab jarrohlik amaliyoti Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislari hamkorligida tashkil etildi.
Operatsiya jarayonida kardiojarrohlar, anesteziolog-reanimatologlar va boshqa malakali tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Har bir bosqichi yuksak aniqlik va ehtiyotkorlikni talab qilgan ushbu murakkab amaliyotda shifokorlarning kasbiy mahorati, hamjihatligi va mas’uliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Bir yoshli qizaloq uchun bu operatsiya — oddiy tibbiy jarayon emas. Uning ortida farzandining sog‘lom hayot kechirishini orzu qilgan ota-onaning umidi, shifokorlarning mas’uliyati va zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlari mujassam.
Shu bois operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani Olotdagi tibbiyot jamoasi uchun ham, qizaloqning yaqinlari uchun ham unutilmas voqeaga aylandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tibbiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri — yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarning o‘zida ham tashkil etish, aholi uchun sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishdir.
Bu yondashuvning mazmuni juda oddiy va ayni paytda nihoyatda muhim: bemor sifatli tibbiy xizmat olish uchun albatta uzoq yo‘l bosib o‘tishi shart emas. Zamonaviy tibbiyot imkoniyatlari uning o‘ziga, uning oilasiga yaqinlashishi kerak. Olotda o‘tkazilgan mazkur operatsiya ana shu maqsadning hayotdagi yana bir amaliy ifodasidir.
Ilgari asosan poytaxt va yirik shaharlarda amalga oshirilgan murakkab tekshiruv va jarrohlik amaliyotlarini endi hududlarning o‘zida yo‘lga qo‘yish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy tibbiy uskunalar va tajribali mutaxassislarni hududlarga jalb etish orqali tibbiy xizmat sifati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Olot tumanida ochiq yurak jarrohligining ilk bor amalga oshirilishi, avvalo, tuman tibbiyoti imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolatdir.
Zero, yuqori texnologik operatsiyani joylarda o‘tkazish uchun faqat zamonaviy jihozning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun malakali kadrlar, jamoaviy tajriba, aniq tibbiy protokollar, zamonaviy reanimatsiya imkoniyatlari va har bir vaziyatga tayyor tibbiyot jamoasi zarur.
Shu ma’noda, ushbu amaliyot Olot tumani tibbiyot tizimi uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik, bilim va ko‘nikmalar almashinuvi kelgusida yanada murakkab tibbiy xizmatlarni hududning o‘zida tashkil etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bu esa kelajakda yana ko‘plab bemorlarning hayoti va salomatligini asrashga xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri