Olmazorda ishlab chiqarish va eksport salohiyati kengaymoqda
Toshkent shahrining Olmazor tumanida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarligidagi Hukumat komissiyasi tumanga tashrif davomida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishib, ularning amalga oshirilishi jarayonini o‘rgandi.
Jumladan, “Ardent Foods” MCHJda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatini oshirishga qaratilgan 15 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 35 ming tonnaga yetkazilib, 800 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ayni paytda korxona 7 million dollarlik mahsulot eksport qilmoqda hamda 32 million dollarlik import o‘rnini bosmoqda.

Chinni idishlar ishlab chiqarish yo‘nalishida ham yangi quvvatlar yaratilmoqda. “Kar Porcelain Tashkent” MCHJ tomonidan 25 million dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshirilayotgan loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, yiliga 50 million dona mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, 700 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihaning birinchi bosqichi 2025-yil sentabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, ikkinchi bosqichini joriy yilning 4- choragida yakunlash rejalashtirilgan.
Qurilish sanoati uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida “ALWOOD” MCHJda ham 10 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida metall konstruksiyalar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirilib, zamonaviy uskunalar o‘rnatilmoqda. Korxona to‘liq quvvatda ishga tushgach, yiliga 300 tonna mahsulot ishlab chiqarish va 50 ta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘rganish davomida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish hamda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hukumat komissiyasi axborot xizmatiga ko‘ra, tanishuv yakunida tadbirkorlarning taklif va murojaatlari tinglanib, ularni hal etish, loyihalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA