Oliy ta’limda talabalarning eng katta qismini 19 yoshlilar tashkil etadi
Bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ta’lim bilan qamrab olingan yoshlar soni ortib, talabalarning yosh tarkibi ham kengayib bormoqda. Oliy ta’lim muassasalarida nafaqat maktabni yaqinda tamomlagan yoshlar, balki katta yoshdagi fuqarolar ham tahsil olmoqda.
2025/2026 o‘quv yilida O‘zbekistonda filiallar bilan birga 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ushbu oliy ta’lim tashkilotlarida esa tahsil olayotgan talabalar soni qariyb 1,5 million nafarni tashkil etgan.
Yosh toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda, talabalarning eng katta qismi 19 yoshlilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu yoshdagi talabalar soni 220 598 nafarni tashkil etgan. Shuningdek, 18 yoshlilar 200 578 nafar, 20 yoshlilar esa 207 146 nafarni tashkil qilgan.
21 yoshli talabalar soni 179 230 nafar bo‘lsa, 22 yoshdagilar 116 890 nafarni tashkil etgan. 23 yoshli talabalar 81 400 nafar, 24 yoshlilar 60 409 nafar, 25 yoshlilar esa 49 377 nafarni tashkil qilgan.
Katta yoshdagi talabalar ulushi ham alohida e’tiborga molik. Jumladan, 26–29 yosh toifasida 136 855 nafar, 30–34 yoshda 122 742 nafar, 35–39 yoshda 69 224 nafar talaba tahsil olmoqda. 40 yosh va undan katta yoshdagi talabalar soni esa 53 483 nafarga yetgan.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarida 17 yosh va undan kichik bo‘lgan 37 074 nafar talaba tahsil olmoqda.
Mazkur ko‘rsatkichlar oliy ta’limga intilayotganlar orasida turli yosh toifalari vakillari borligini ko‘rsatadi. Bu esa ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyoj yosh bilan cheklanmasligi, bilim va kasbiy salohiyatni oshirishga intilish inson hayotining turli bosqichlarida davom etishini namoyon etadi.
Hamroz Bayonov,O‘zA