Oliy ta’limda kreativ yondashuv samaralari
Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida raqobatga chidamli kadrlar tayyorlash masalasi dolzarb vazifa sifatida qo‘yildi.
Insondagi tushunchani, tafakkurni o‘zgartirmasdan turib ta’lim sohasida yuqori natijalarga erishib bo‘lmaydi, zero jamiyatning aksariyat kishilari hanuzgacha yaxshi mutaxassis emas, talaba bo‘lib olishni o‘zlarining asosiy maqsadi deb biladi. Ota-onalar ham o‘z farzandini universitet talabasi bo‘lishini orzu qiladi. Albatta, ular orasida farzandiga farovon yashash imkonini beruvchi, muhim kasb egasi bo‘lishini ta’minlaydigan sohalarga yo‘naltiruvchilar ham bor.
Oliy ta’lim tashkilotlari bu borada o‘z oldiga qanday maqsad qo‘ymoqda?! To‘g‘ri, davlat ta’lim standartlari, malaka talablariga mos kadrlar tayyorlashga harakat qilinadi, ammo bu ko‘pincha hujjatda qolib ketadi. Mamlakatimizda xususiy sektorni rivojlantirishga jiddiy e’tibor berilmoqda va bu har bir sohada o‘z samarasini bermoqda. Aynan oliy ta’lim tizimida ham nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi davlat universitetlari bilan ijobiy ma’noda raqobat muhitini yuzaga keltirdi.
Darhaqiqat, jamiyat orasida xususiy OTMlarga kamroq ishonch bildiradiganlari ham bor, ularni ta’lim nihoyasiga yetganda qanday diplom beriladi, u yaroqli bo‘ladimi, degan savol qiynaydi. Bu muammo emas, xususiy universitetlar ham davlat OTMlari oldiga qo‘yilgan ijtimoiy buyurtmani birdek bajaradi va davlat namunasidagi diplom beriladi, bu qonun bilan kafolatlangan. Hatto nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari faoliyati ham Konstitutsiyada o‘z aksini topdi.
Muammo boshqa masalada. Oliy ta’lim tizimi, jumladan, xususiy OTMlar qanday kadrlar tayyorlamoqda?! To‘lov-shartnoma narxi davlat universitetlaridan ko‘proq bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlari nimasi bilan ajralib turadi?
Avvalo, professor-o‘qituvchilarga qulay sharoit yaratilgan. Talabalar uchun ham zamonaviy sharoitlar mavjud. O‘quv vositalari sifatli ta’lim olishga imkon beradi. Toshkent Amaliy fanlar universitetida ham o‘z nomiga mos bo‘lgan yondashuv qo‘llanyapti. Talabalarning amaliy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishi uchun yangi metodlar joriy etilmoqda. Universitetda yaqinda joriy etilgan dual ta’lim tizimi ham talabalarning bilim saviyasini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aslida ta’limda biror yangi islohot amalga oshirilsa, u fakultet yoki universitet rahbariyatining hisobot ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Har bir fan o‘qituvchisi o‘z faoliyatida bu yangilikni tatbiq etib borishi zarur.
Toshkent Amaliy fanlar universitetidagi ta’lim mazmuni bitiruvchi tayyorlash emas, balki amaliyotni ko‘rgan, soha uchun zarur ko‘nikma va malakaga ega mutaxassis tayyorlashga qaratilgan. Talabalar universitetda haftasiga 4 kun professor-o‘qituvchilarni tinglab, adabiyotlarni o‘qib, so‘ng haftasiga 2 kun ishlab chiqarishda amaliy faoliyatda bevosita ko‘rib o‘rganadi, tushunganlarini amalda qo‘llab ko‘rib, malaka hosil qiladi. Shu o‘rinda, talabaga o‘tiladigan har bir fan uni kelajakda kerakli kadr bo‘lib shakllanishida xizmat qilishiga alohida urg‘u beriladi.
Texnika, iqtisodiyot, tabiiy va aniq fanlar shuningdek, pedagogika yo‘nalishlarida dual ta’limning ahamiyatini tasavvur qilish oson, chunki bu sohalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyat uchun kerakli kadrlar tayyorlanadi. O‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi, universitetda mazkur ko‘nikma va malakalar shakllantiriladi. Biroq ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda, xususan, filologiya fakultetida tahsil olayotgan talaba qanday o‘qitilishi kerak?!
Amaliy fanlar universitetida bu masala ham e’tiborga olingan. Malakali professor-o‘qituvchilar talabalarga nafaqat ixtisoslik fani asoslarini o‘rgatadi, balki unga aloqador, jamiyatda ehtiyoj yuqori bo‘lgan xizmat turlarini bajara olish, o‘zini o‘zi band qilishga mustaqil ta’lim topshiriqlari orqali yo‘naltiradi. Bu boradagi ishlar dastlabki amaliy natijalarini ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida folklor bo‘yicha taniqli mutaxassis – filologiya fanlari doktori, professor Olimjon Qayumov talabalarga “Folklorshunoslik” fanidan ta’lim berish bilan birga mazkur fanni qadriyat sifatida ulug‘lash, uni jamiyat orasida jonlantirish, ommalashtirish, mamlakat, qolaversa, dunyo miqyosida tanitish bo‘yicha amaliy, muhim loyihalar tayyorlashni mustaqil ta’lim topshirig‘i sifatida berib, ularni foydali ishga yo‘naltirmoqda.
Talabalar folklor namunalarini to‘plash va o‘rganish bo‘yicha so‘rovnoma-anketalar, turistlarga eng qadimgi folklor namunalari haqida ma’lumot beruvchi yo‘riqnoma, qo‘llanma, buklet va ularning elektron namunalarini tayyorlash, mamlakatda milliy qadriyatlarni o‘rganish va qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot va markazlar bilan hamkorlik qilish, folklor namunalaridan foydalanib, kreativ reklama mahsulotlarini tayyorlab berish kabi xizmatlarni yo‘lga qo‘yishni o‘rganmoqda. Bular, albatta, kredit-modul tizimining asosi bo‘lgan mustaqil ta’limdan samarali foydalanish hisobiga amalga oshadi.
Universitetning yana bir nufuzli olimi tadqiqotchi-professor Baxtiyor Mengliyev “Tilshunoslik asoslari” fanini talabalarga o‘tar ekan, ularga dunyo tillari va ularning tasnifi, universal til hodisalari, tillarning universal ichki qurilishini, tillar tizimida o‘zbek tilining o‘rnini o‘rgatish bilan birga o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha bugun qilinishi zarur bo‘lgan amaliy ishlar haqida ma’lumot berib boradi. Mustaqil ta’lim topshiriqlari sifatida talabalarga o‘quv lug‘atlar yaratish, elektron lug‘at tuzish, mobil ilovalar yaratish, milliy til korpusi uchun morfologik shakllarini aniqlash, maktab va bog‘chalar uchun o‘quv izohli, rasmli lug‘atlar yaratish kabi amaliy ahamiyati yuqori topshiriqlar beradi. Talabalarni bugundanoq foydali ish bilan shug‘ullanishga o‘rgatadi.
Amaliy fanlar universiteti huzurida bevosita Baxtiyor Mengliyev tashabbusi asosida til va tilshunoslik masalalari bilan amaliy shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lgan “Lingvistik klinika” markazi tashkil etilmoqda.
Mazkur markaz lingvistik ekspertiza, matn tahriri, matn tarjimasi, o‘quv lug‘atlari yaratish, dissertatsiya mavzulari va avtoreferatlarni tahrir qilish, milliy til korpusi uchun material tayyorlash, yozma ishlarni tekshirib berish, sotsiolingvistik so‘rovlar o‘tkazib berish kabi xizmatlarni amalga oshirishni ko‘zda tutmoqda. Ushbu markaz universitet talabalari uchun amaliyot o‘tash, qo‘shimcha kasb o‘rganish, o‘zini o‘zi vaqtli band qilish maskaniga aylanadi.
Universitetda pedagogika sohasiga doir yangi ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, olimlar o‘qitish metodikasida amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘rib tushunish malakasini uzluksiz ta’lim tizimida joriy qilishni taklif qilmoqda. Ta’limda ko‘rib tushunish ko‘nikmasining amaliy ahamiyati, xususan, kasbiy malakani takomillashtirishdagi o‘rnini ilmiy asoslashga harakat qilmoqda.
Umuman, Toshkent Amaliy fanlar universitetida kredit-modul tizimiga o‘tish bosqichida mustaqil ta’lim orqali talabalarni foydali band qilish amaliyotini, shuningdek, amaliy ahamiyatga ega ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishga doir tajribani ommalashtirish samarali natija beradi.
G‘ofir Hamroyev,
Toshkent Amaliy fanlar universiteti tadqiqotchi-professori, pedagogika fanlari doktori
O‘zA