Oliy ta’lim tizimidagi islohotlar samarasi (+video)
Sarhisob
Bugungi kunda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qitish tizimiga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, oliy ma’lumotli, malakali pedagog mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi. Bu borada Andijon davlat pedagogika institutida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
–Bugungi kunda institutimizda kunduzgi 22 ta, kechki 8 ta va sirtqi 10 ta bakalavriyat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 9 ming 500 nafardan ortiq talaba, shuningdek, 12 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 100 nafarga yaqin magistr tahsil olmoqda, – deydi institut rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov. – Ularning o‘qishi, puxta bilim olishi uchun zarur barcha shart-sharoit yaratilgan.
O‘quv binolari yetarli emasligi uchun o‘tgan yili viloyat hokimligi tomonidan institutga yangi binolar ajratib berilganligi ta’lim sifatini yanada oshirish imkonini berdi.
Bugungi kunda institutda talabalarga 400 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Ularning 73 nafari ilmiy daraja va unvonga ega mutaxassis hisoblanadi. Jumladan, 12 nafari fan doktori, 61 nafari fan nomzodidir.
Yakunlangan yilda institut professor-o‘qituvchilari tomonidan 17 nomdagi darslik, 36 nomdagi o‘quv qo‘llanma, 54 nomdagi uslubiy ishlanma hamda 8 nomdagi monografiya yaratildi. Shuningdek, joriy yilda 32 nomdagi darslik va o‘quv qo‘llanma nashrdan chiqarish uchun ro‘yxatdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan, Andijon davlat pedagogika instituti huzurida pedagogika nazariyasi, pedagogik ta’limotlar tarixi, ta’lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosliklarida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, institut fakultet va kafedralari qoshida 5 ta ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qarorida pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-o‘qituvchilari xorijiy davlatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborilishi belgilangan. Ana shu qaror ijrosi doirasida o‘tgan yili institutning turli kafedralarida faoliyat olib borayotgan 30 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi Finlandiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston singari qator xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytdi.
Bundan tashqari, institut turli xalqaro reytinglarda yuqori 1000 talikka kirgan xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan ta’lim va ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Xususan, 2023 yilda Rossiyaning Ya. Yakovlev nomidagi Chuvash davlat pedagogika va Qozon davlat pedagogika universitetlari bilan shartnomalar imzolandi.
Chuvash davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik doirasida universitetning bir guruh professor-o‘qituvchilari Andijon davlat pedagogika institutiga tashrif buyurib, institutdagi ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, o‘qituvchi va talabalar uchun ma’ruzalar o‘qidi, mahorat darslari o‘tishdi.
Joriy yilda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda institutning 20 nafar professor-o‘qituvchisini turli xorijiy davlatlardagi oliy o‘quv yurtlariga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda institutda turli kafedralar tarkibida 23 ta ilmiy-amaliy to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda. To‘garaklarga 400 nafardan ziyod iqtidorli talaba jalb etilgan. Yaratib berilgan keng imkoniyatlar tufayli talabalar erishayotgan yutuqlar salmog‘i ortib bormoqda.
Respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy jurnallarda iqtidorli talabalarning 40 dan ortiq ilmiy maqolasi e’lon qilindi, shuningdek, 12 ta dasturiy ta’minot bo‘yicha mualliflik guvohnomasi berildi.
Institutning iqtidorli talabalaridan 8 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Navoiy, Kamoliddin Bekzod, Bobur, Pahlavon Mahmud, Islom Karimov va boshqa nomdagi davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi.
Institut talabalarining sport, san’at sohasida erishgan yutuqlari ham salmoqli bo‘ldi. O‘tgan yilning o‘zida mamlakatimiz terma jamoalari tarkibida yigirma nafarga yaqin talaba sportning belbog‘li kurash, karate, taekvando, erkin kurash, qo‘l to‘pi, voleybol, yengil va og‘ir atletika turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chemionatlari, turli xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.
Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi hamda musiqiy ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan bir guruh talabalarning Respublika va xalqaro miqyosdagi tasviriy san’at, musiqa tanlov va festivallarida g‘olib bo‘lganliklari ham ularning ijodiy salohiyatini yuksaltirishga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.
Talabalarning teatr, san’at va musiqaga qiziqishini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida institutda maqom, vokal va estrada ansambllari, yoshlar teatr jamoasi, qo‘g‘irchoq teatri hamda maqom karaoke studiyasi tashkil etilgan. Shu bilan birga, “Dutorchi qizlar”, “O‘zbegim” ansambllari, “Andijon yoshlari” talabalar teatr- studiyasi, “Tafakkur” QVZ jamoasi va adabiyotshunoslar klubi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Institutda talabalarni turarjoy bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda davlat xususiy sherikchilik asosida 400 o‘rinli zamonaviy talabalar uyi foydalanishga topshirildi.
Yangi barpo etilgan turarjoydagi ikki va to‘rt kishilik xonalarda talabalarning yashashi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Xususan, talabalar uyining har bir qavatida dam olish xonasi, oshxona hamda kir yuvish va quritish xonalari tashkil etilib, zarur jihoz, vositalar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, birinchi qavatda ota-onalar uchun mehmonxona tashkil etilgan.
Joriy yilda institutda davlat xususiy-sherikchilik asosida yana 400 o‘rinli turarjoy barpo etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, STEAM tizimiga moslashgan o‘quv binolarini zamonaviy jihozlar, o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, ta’lim va boshqaruv tizimini raqamlashtirish borasida qator ishlarni amalga oshirish, shuningdek, bir paytning o‘zida 250 kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega, to‘rt yuz ming kitob fondiga mo‘jallangan yangi axborot-resurs markazini qurish rejalashtirilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SwMiYZ4d8TQ" title="Oliy taʼlim tizimidagi islohotlar samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Faxridin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari