Oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik
Andijon davlat universitetida qator xorijiy davlatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda. O‘tgan yili iyun oyida bo‘lib o‘tgan Turkiya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari forumida Andijon davlat universiteti va Turkiyaning Egey universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan. Shartnomaga asosan, Andijon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ushbu oliy ta’lim muassasasining ilmiy-amaliyot jarayonlarida, seminar-treninglarida ishtirok etib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Izmir shahrida joylashgan Egey universiteti nafaqat Turkiyadagi, balki jahondagi nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi. Universitetda kompyuter, elektron, oziq-ovqat, kimyo, yengil sanoat muhandisligi, mashinasozlik, tibbiyot, dengiz transporti va boshqaruvi kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Egey universitetining tabiiy fanlar fakulteti dekani, professor Dincher Ayaz, biologiya bo‘limi boshlig‘i, professor Kerim Chichek va biologiya fanlari doktori, professor Ferrax Sayimlar Andijon davlat universitetida bo‘ldi.
[gallery-10679]
Dastlab mehmonlar Andijon davlat universiteti rektori, professor Akramjon Yuldashev qabulida bo‘ldi. Uchrashuv avvalida Akramjon Yuldashev Turkiyada yuz bergan zilzila oqibatida minglab insonlar vafot etganligi uchun universitet jamoasi nomidan mehmonlarga hamdardlik bildirdi.
Muloqotda hamkorlik doirasida joriy o‘quv yilidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish va amalga oshirish mexanizmlari, shu yilning may oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish hamda o‘tkazish masalalari muhokama etildi. Shundan so‘ng, universitetda tashkil etilgan O‘zbek-Turk qo‘shma ta’lim markazi va uning kelgusidagi faoliyati yuzasidan tabiiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan fikr almashildi.
Egey universiteti professorlari ishtirokida Andijon davlat universiteti talaba va magistrantlari uchun uch kun davomida belgilangan grafik asosida ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazilishi belgilangan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA