Oliy sudda fuqarolar murojaatlari qanday hal etilmoqda?
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonuniy hal etish borasida davlat boshqaruvi organlari, jumladan, sudlar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklangan.
Oliy sudda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari qanday hal etilmoqda? Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov javob berdi:
– Murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona huquqiy tizim yaratilgan. Oliy sud rayosatining 2021-yil 9-noyabrdagi qaroriga asosan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va quyi sudlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma yangi tahrirda tasdiqlandi. Unda sud tizimida fuqarolardan umumiy mazmunda kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash tartibi belgilandi.
Ma’lumki, sudlarga ikki xil toifada, ya’ni protsessual va umumiy mazmundagi shikoyat arizalari bilan murojaat qilinadi. Umumiy mazmundagi murojaatlar – xat, ariza, taklif va shikoyat bo‘lsa, protsessual mazmundagi murojaatlarga muayyan nizo yoki sud qarori bilan bog‘liq bo‘lgan ariza, da’vo arizasi, iltimosnoma, apellyatsiya va kassatsiya tartibidagi shikoyatlar kiradi.
Qonunchilikka muvofiq, barcha fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash yuzasidan sudga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega.
Umumiy mazmundagi murojaatlar «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan tartibda, ya’ni sudga kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda, 1 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Agar ariza va shikoyat muddati uzaytirilsa, bu haqda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.
Fuqarolik, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha protsessual mazmunda berilgan shikoyatlar protsessual qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi.
Keyingi yillarda sudlarga murojaatlar soni sezilarli darajada kamaygan. Jumladan, 2023-yilda sudlarga 138 ming 821 murojaat kelib tushdi.
Shundan Oliy sudga 52 ming 287, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali 66 ming 840, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga 17 ming 17, ma’muriy sudlarga 2 ming 235, respublika harbiy sudlariga 442 murojaat kelib tushdi.
Oliy sudga kelib tushgan murojaatlarning 20 ming 607 tasi yoki 39,4 foizi umumiy mazmundagi, 31 ming 680 tasi yoki 60,6 foizi kassatsiya hamda takroriy kassatsiya tartibidagi shikoyatlarni tashkil qildi.
2023-yil davomida umumiy mazmundagi murojaatlar 2022-yildagi 24 ming 480 murojaatga nisbatan 15,8 foizga kamaygan. Ammo kassatsiya hamda takroriy kassatsiya tartibidagi murojaatlar soni 1 ming 84 taga yoki 3,5 foizga ko‘paygan.
Albatta, murojaatlarning ko‘payishini aholining sud tizimiga nisbatan ishonchi ortib borayotgani bilan izohlash joiz.
Aytish kerakki, Jinoyat-protsessual kodeksining 499-moddasida birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilishga bo‘lgan huquq mahkumga, uning himoyachisi va qonuniy vakiliga, jabrlanuvchiga va uning vakiliga, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudi hukmining, ajrimining fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli, deb ko‘rsatilgan.
Lekin, ish bo‘yicha shikoyat berishga vakolati bo‘lmagan fuqarolar, ya’ni taraflarning qarindoshlari yuqori idoralarga murojaat yo‘llash holati kuzatilmoqda.
Oliy sudga 2023-yil mobaynida ayni shunday yuqori idoralardan jami 6 ming 292 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 673 tasi boshqa idoralarga, 1 ming 329 tasi quyi sudlarga yuborilgan va 3 ming 482 tasi bo‘yicha sudga murojaat qilish tartibi tushuntirilgan.
Murojaat qilish bo‘yicha qonun talabiga rioya etmaslik yoki tartibni bilmaslik, birinchidan, sud tizimiga aloqasi bo‘lmagan idoralarga qo‘shimcha ish, ikkinchidan, sud qarorlari ustidan shikoyat berish muddatining o‘tib ketishiga, oqibatda muddatni tiklash haqida ariza berish talab etilib, fuqarolarning yana ortiqcha ovora bo‘lishiga olib kelmoqda.
Fuqarolarga shikoyat berishda yengillik va qulaylik yaratish maqsadida Oliy sud tashabbusi asosida 2021-yil 16-sentyabrda qabul qilingan «Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
Shu asosda ish bo‘yicha vakolatli shaxslar va taraflarning shikoyatga sud qarorlarini ilova qilish talabi bekor qilindi.
Bundan tashqari, Oliy sud rahbariyati tomonidan jismoniy va yuridik shaxs vakillarini qabul qilish jarayoni keng yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 2023-yilda 5,9 ming nafar jismoniy va yuridik shaxs vakillari qabul qilindi. Shundan fuqarolarning 1 ming 863 nafari sayyor qabul jarayonida, 3 ming 785 nafari bevosita idorada, 252 nafari videokonferensaloqa orqali qabul qilindi. Oliy sud raisi tomonidan 2 ming 355 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakili qabul qilindi.
Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalaridan Oliy sudga 2023-yilda 66 ming 840 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 63 ming 932 tasi bo‘yicha murojaat mualliflariga tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan hamda 2 ming 908 murojaat ijobiy hal etilgan.
Fuqarolarning Oliy sudga murojaat qilishi uchun qulay usul va keng imkoniyatlar yaratilayotganini aytib o‘tsak. Jumladan, Oliy sudning elektron pochtasi (info@supcourt.uz), Interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz), Oliy sud rahbariyati qabuliga elektron ro‘yxatdan o‘tish (qabul.sud.uz) va «SudUz» Telegram-bot ishga tushirilgan. Fuqarolar Telegram-bot orqali fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha murojaat qilish va qisqa vaqt ichida javob olish imkoniyatiga ega.
Norgul Abduraimova, O‘zA