Oliy sud tadbirkor manfaatini himoya qildi
Auksion orqali yer maydonini ijara huquqi asosida sotib olgan tadbirkorga nisbatan qo‘yilgan qariyb 3,2 milliard so‘mlik qishloq xo‘jaligi nobudgarchiligi da’vosi Oliy sud tomonidan rad etildi.
Oliy sud sudyasi I.Tadjiyev raisligida o‘tgan sud majlisida Biznes-ombudsman tomonidan “S.M.S.K.” MCHJ manfaatida kiritilgan taftish shikoyati ko‘rib chiqilib, to‘liq qanoatlantirildi.
Aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mazkur tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 2024-yil 27-avgust kuni auksion orqali ijara huquqi asosida sotib olingan yer maydoni uchun keyinchalik qariyb 3,2 milliard so‘m miqdorida qishloq xo‘jaligi nobudgarchiligini undirish talabi bilan sudga murojaat qilgan. Quyi instansiya sudlari ushbu da’voni qanoatlantirgan.
Biroq ishni o‘rganish jarayonida huquqiy jihatdan muhim holatlarga e’tibor qaratildi. Xususan, Yer kodeksining 28 va 87-moddalariga auksion orqali yer sotib olgan shaxslardan ham nobudgarchilik summasini undirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar 2025-yil 5-mayda qabul qilingan O‘RQ – 1062-son qonun bilan kiritilgan. Tadbirkor esa yer maydonini ushbu o‘zgarishlar kuchga kirishidan avval 2024-yilda sotib olgan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga muvofiq, yangi talablarni orqaga qaytarib qo‘llash qonunga zid hisoblanadi.
Shuningdek, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, vijdonan harakat qiluvchi tadbirkorning davlat hujjatiga bo‘lgan ishonchi qonun bilan muhofaza qilinadi. Auksion hujjatlari hamda oldi-sotdi shartlarida qo‘shimcha to‘lov yoki nobudgarchilik summasi nazarda tutilmagan.
Oliy sud Biznes-ombudsman keltirgan dalillarni inobatga olgan holda, quyi instansiya sudlari qarorlarini bekor qildi va qishloq xo‘jaligi boshqarmasining MCHJdan 3,2 milliard so‘m undirish haqidagi da’vosini rad etdi.
Mazkur qaror tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda qonun ustuvorligi hamda huquqiy ishonch tamoyilining muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri