Oliy sud raisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Komplayens nazorat xizmati tashkil etilmoqda
Davlatimiz rahbari “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonni imzoladi.
Hujjatda sud tizimida 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha e’lon qilingan "favqulodda holat"dan kelib chiqib, ustuvor maqsad va vazifalar belgilandi.
Oliy sudning apparatida Oliy sud raisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi.
Harbiy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida Komplayens nazorat xizmatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan komplayens nazorat bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etiladi.
Komplayens nazorat xizmati rahbari Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda mehnatga haq to‘lash, moddiy ta’minot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud departament boshlig‘iga tenglashtiriladi.
Komplayens nazorat bo‘yicha inspektorlar Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda mehnatga haq to‘lash, moddiy ta’minot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud bosh konsultantiga tenglashtiriladi.
Komplayens nazorat bo‘yicha inspektorlar Harbiy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida joylashtiriladi.
Komplayens nazorat xizmati lavozimlariga halol, pok va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan oliy yuridik ma’lumotli, shuningdek, qoida tariqasida, sud-huquq sohasida kamida 5 yillik ish stajiga ega nomzodlar tayinlanadi.
Komplayens nazorat xizmati xodimlariga yuklatilgan vazifalar doirasida sud apparati xodimlarining odob-ahloqi hamda xizmat vaqtida va xizmatdan tashqari holatlarda o‘zini tutishi, umume’tirof etilgan odob-ahloq qoidalariga rioya etishi bilan bog‘liq masalalarda xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish vakolati beriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA