Olis qishloqda zamonaviy bog‘cha bunyod etildi
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Hisorak qishlog‘i markazdan oltmish kilometr uzoqda joylashgan. Yaqinda bu qishloqda zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Shu paytgacha qishloqda bolalar bog‘chasi yo‘q edi. Yangi muassasa qurilishiga qariyb 7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 180 o‘rinli zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bunyod etildi. Zarur jihozlar bilan ta’minlangan maskanda kichkintoylarga ingliz va rus tillari, musiqa va rasm chizish o‘rgatiladi.



– Bugun yurtimizning har go‘shasidagi bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, ko‘zingiz quvonadi, – deydi Hisorak mahallasi faoli Salima Shukurova. – E’tiborli jihati, chekka hududlarda joylashgan aholi yashash maskanlarida ham zamonaviy inshootlar qad rostlamoqda. Qishloqda asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanamiz. Shu paytgacha qishlog‘imizda bolalarimiz uchun bog‘cha yo‘q edi. Bu ishlovchi ayollarga bir oz qiyinchilik tug‘dirardi.



So‘nggi ikki yilda xuddi shunday zamonaviy bog‘chalar Shahrisabzning tog‘li G‘elon, Sarchashma va Ko‘l qishloqlarida ham barpo etildi. “Shakarteri”, “Shiramon”, “Chuqun”, “Abziyat”, “Ravot” mahalla fuqarolar yig‘inlarida esa zamonaviy davlat bog‘chalari qurilishi boshlangan.


O‘.Alimov, O‘zA