Olis ovullarga ham suyultirilgan gaz yetib bormoqda
“Qizilqum javohiri”, deya ta’rif beriladigan Uchquduq tumani Navoiy viloyati markazidan 300 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Cho‘l, qir adirlar, biyday kengliklar bag‘ridagi ushbu hudud bugun haqiqiy javohirga aylangan. Bunga aholining mehnatkashligi, ishbilarmonligi sabab bo‘lsa, ne ajab.
Tuman aholisining farovon hayotida boshqa tarmoqlar qatori gaz ta’minoti sohasi xodimlarining ham munosib hissasi bor.

– bugungi kunda 13 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari aholisi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi, – deydi "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. – Shundan 5 tasi suyultirilgan gazni gazgolder qurilmasi orqali iste’mol qilsa, 8 tasiga ta’minot shartnoma asosida maishiy gaz ballon orqali yetkaziladi. Joriy yilning birinchi choragida iste’molchilarga ballon orqali qariyb 93 tonna suyultirilgan gaz yetkazilgan.

“Yuzquduq” ovuli tumanning eng olis hududlaridan biri. Atrof qum va faqat saksovulzorlardan iborat bo‘lgani bois, manzilga borish yo‘li anchayin zerikarli. Ammo ovul odamlarining qalbi beg‘ubor. Har kunini shukronalik bilan o‘tkazadi.
Aholining aytishicha, yuzquduqliklar ham oldin ovqat tayyorlash va choy qaynatishda o‘choqdan foydalangan. Keyinchalik ovulga maishiy ballonlarda suyultirilgan gaz yetkazish yo‘lga qo‘yilgan. 2021 yilda ovuldagi barcha iste’molchilarning ta’minoti avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazildi. Ayni vaqtda hududda 47 ta iste’molchi mavjud.
– Ushbu ovul viloyat markazidan qariyb 400 kilometr, tuman markazidan esa 100 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lsa-da, bu yerda ham aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar mavjud, – deydi “Bozdum” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Mayramgul Jalgasbayeva. – Maishiy ehtiyojimiz uchun suyultirilgan gazdan foydalanamiz. Xarid uchun ID-karta berilgan. Aloqa xizmati yaxshi, shu bois, karta orqali gazni xarid qilishda muammo bo‘lmaydi. Tuman gaz idorasi xodimlari oyma-oy ballon olib keladi. Yog‘ingarchilik kunlarida ta’minot 40 kungacha cho‘ziladi.

Eng muhimi, har qanday ob-havoda ham iste’molchilarning ta’minotsiz qolmasligidir. Buning uchun ularga gaz ballon yetkazadigan soha xodimlari mashaqqatli yo‘l bilan tillasha olgan. Yo‘lning charchog‘ini esa iste’molchilarning xizmatdan minnatdorlik hissi aritayotgani, shubhasiz.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA