Olis hudud aholisining muammolari o‘rganildi
Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan Nukus shahridan 450 kilometr uzoqda joylashgan Qo‘ng‘irot tumani “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashuv tashkil etildi.
“DXM-Mahalla-Fuqaro” tamoyili asosida tashkil etilgan tadbirda tuman Davlat xizmatlari markazi va FHDYO bo‘limining mutaxassislari ishtirok etdi.
Hududda 3265 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu yerda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yanada qulaylik yaratish, ularning hayotidagi muammolarni o‘rganish va joyida hal etishdir.

Uchrashuvda mutaxassislar davlat xizmatlari sohasi qonunchiligidagi o‘zgarishlar, axborot-texnologiyalari yordamida ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ularning afzalliklari to‘g‘risida batafsil huquqiy tushunchalar berildi. Hudud aholisining muammolari, fikr-mulohazalari tinglandi. Murojaatlarning aksariyati shu yerning o‘zida ijobiy yechimini topdi. Ayrimlarining bajarilishi nazoratga olindi. Tuman markaziga borish imkoniyati bo‘lmagan Azatov va Dosanovlar oilasi FHDYO bo‘limi mutaxassislari tomonidan nikohdan o‘tkazilib, guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i K.Artiqov shaharcha fuqarolar yig‘inidagi 56-sonli umumta’lim maktabining o‘quvchilari bilan uchrashib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Yuqori sinfda o‘qiydigan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi o‘quvchilar ishtirokida seminar tashkil etildi.

O‘tgan yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari forumida ta’kidlanganidek, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish yuzasidan xayrli tashabbus ko‘plab tadbirkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda soliq va boshqa imtiyozlarni berish yuzasidan qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi orqali yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun kredit mablag‘lari yo‘naltirilishi ularga qaratilayotgan katta e’tibor namunasidir.

Seminarda bo‘lajak tadbirkorlarga ro‘yxatdan o‘tish tartib-qoidalari, beriladigan imtiyozlar bo‘yicha tushunchalar berildi. O‘quvchi-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Shu kunning o‘zida aholiga 120 dan ziyod xizmat turi ko‘rsatildi va har bir sohaga oid bukletlar tarqatildi. “Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hol-ahvolidan xabar olinib, boshqarma tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Orolbo‘yining eng chekka hududida joylashgan shaharcha fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan tadbir fuqarolarning muammolarini hal etish, ularning doimo davlatimiz e’tiborida ekanligini his etib yashashlarida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining xayrli tashabbusi kelgusida ham davom etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA