“Olimpiya shaharchasi”da sohil voleyboli musobaqalari o‘tkazilmoqda
Kecha poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” qumli voleybol maydonchasida erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida sohil voleyboli bo‘yicha respublika turniri boshlandi.
18–25 yoshli voleybolchilar ishtirokida o‘tayotgan turnirning erkaklar musobaqasida 8 ta, ayollar bahsida 10 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Voleybolning ushbu yo‘nalishini mamlakatimizda ommalashtirish hamda ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston sohil voleybol terma jamoasini shakllantirish maqsadida mahoratli sportchilarni saralash ko‘zda tutilgan musobaqaning ilk kunida erkaklar o‘rtasida kechgan o‘yinlarda quyidagi natijalar qayd etildi:
Jizzax – Qashqadaryo-2:0,
Toshkent shahar – Sirdaryo - 1:2,
O‘zbekiston – Andijon - 2:0,
Qashqadaryo – Andijon - 2:0.

Ayollar bahslari yanada qiziqarli kechdi. Mazkur sport turiga ixtisoslashgan O‘zbekiston voleybol akademiyasi jamoasi Toshkent-1 jamoasiga 0:2 ko‘rinishida imkoniyatni boy berdi.
Qolgan uchrashuvlarda quyidagi natijalar qayd etildi:
Sirdaryo – Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 0:2,
Toshkent viloyati-2 – Namangan - 1:2,
Toshkent viloyati-1 – O‘zbekiston - 1:2,
Qashqadaryo – Jizzax - 0:2.
Bugun so‘nggi kungi musobaqalar tashkil etiladi. G‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA