Olimning odamiylik siyrati haqidagi kitob
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Odamiylik siyrati. Boybo‘ta Do‘stqorayev zamondoshlari xotirasida” deb nomlangan kitob chop ettirildi.
Mazkur kitob atoqli ijodkor, ko‘plab jurnalistlarga ustoz bo‘lgan Boybo‘ta Do‘stqorayevning hayot yo‘li, mashaqqat va zahmatlarga to‘la faoliyati, ilmiy izlanishlari haqida batafsil ma’lumot berishi bilan diqqatga sazovor.
Yaqinda mamlakatimizda keng nishonlangan 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni doirasidagi tadbirlarda “Yangi O‘zbekistonning yangi jurnalistikasi”, degan ibora ko‘p ishlatildi. Aynan Boybo‘ta Do‘stqorayevning samarali faoliyati orqali yangi O‘zbekistonning jurnalistikasi ustozlarning puxta tadqiqotlariga, mustahkam asosga ega bo‘lmog‘i kerak ekanini anglash mumkin.
G‘oyat kamgap, kamtar, muloyim, mulohazakor Boybo‘ta Do‘stqorayev O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida talabalarga dars bergani ko‘plarimizning yodimizda saqlanib qolgan. Uning saboqlarini hamma diqqat bilan tinglar edi. Jadidlar tarixi, mamlakatimizda bu harakatning shakllanishi asoslari, milliy jurnalistikamizning poydevori aynan jadidlar harakati va tashabbuslari bilan bevosita bog‘liqligi Boybo‘ta Do‘stqorayev ilmiy tadqiqotlarida ustuvor o‘rin egallaydi.
Doim katta sumka ko‘tarib yuruvchi Boybo‘ta Do‘stqorayev umrini arxivlarda, kutubxonalarda, oliy o‘quv yurtining talabalar bilan liq to‘la auditoriyalarida o‘tkazdi. Nisbatan yaqin tarixiy davr XIX asr ikkinchi yarmi XX asr boshlarida jadidchilik harakatidek nihoyatda murakkab mavzuni o‘rganishga umrini bag‘ishladi. Birlamchi manbalar bilan ishlash, chalkash va noaniq faktlarni taqqoslash, chuqur o‘rganib haqiqatni yuzaga chiqarish, tarixning ko‘pchilik bilmagan sahifalariga oydinlik kiritish Boybo‘ta Do‘stqorayev faoliyatida ustuvor o‘rin egallar edi. Tadqiqotchilik odobi, minbarlarga intilmaslik, vazminlik, o‘zining chin maqsadi - ilm sari fidoyilarcha intilish domlaning umr mazmunini tashkil etar edi.
Olib borgan izlanishlari samarasida Boybo‘ta Do‘stqorayev “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobi uchun “Oltin qalam” milliy mukofotiga haqli ravishda munosib ko‘rildi. Matbuot tarixini o‘rganish bo‘yicha salmoqli asarlari sababli domla “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga ham sazovor bo‘lgan edi. Domlaning yuqorida nomi keltirilgan kitobi hozir jurnalistika fakulteti talabalari uchun eng muhim qo‘llanma bo‘lib kelmoqda.
Kitobda Boybo‘ta Do‘stqorayev haqidagi hayotiy, ham haqqoniy xotiralar Xayriddin Sulton, Abdulla Oripov, Naim Karimov, Saydi Umirov, Mahmud Sa’diy, Muxtor Xudoyqulov, Ahmadjon Meliboyev, Sirojiddin Sayyid, Minhojiddin Mirzo, Bahodir Karimov, Nurboy Jabborov, Sherzodxon Qudratxo‘ja singari atoqli adib, jurnalistlar, olimlar, shoirlar tomonidan keltirilgan. Ayni paytda domlaning ko‘plab shogirdlarining samimiy yodnomalari ham ushbu kitobdan joy olgani diqqatga sazovor.
Kitobga Dilrabo Mingboyeva hamda Farog‘at Xudoyqulova muharrirlik qilgan.
Milliy matbuotimizning tolmas targ‘ibotchisi va tadqiqotchisi umriga, ijodiga, ibratli faoliyatiga bag‘ishlangan ushbu kitob nainki jurnalistika sohasi vakillari, balki kitobxonlarning keng ommasi uchun ham qiziqarli bo‘lishi aniq.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri