Olimdan o‘zbek adabiyotining umidi katta
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Islomjon Yoqubov tavalludining 60 yillik yubileyi o‘tkazildi.
Professor Islomjon Yoqubov 60 yoshda
Adabiy uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, adabiyotshunos olimlar Qozoqboy Yo‘ldosh, Adhambek Alimbekov va boshqalar olimning ilmiy faoliyati haqida iliq fikrlar bildirdi. Uning hayot yo‘liga nazar tashlab, oila, farzandlar oldidagi burchini alohida e’tirof etdi.
Uyushma rahbariyati, shoir-yozuvchilar, olimning yaqin qarindoshlari, ustoz va shogirdlari ishtirokidagi tadbirda olimning adabiyotshunoslar o‘rtasida tutgan o‘rni, shogirdlari, ilm yo‘lidagi izlanishlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir doirasida olimning yaqinda chop etilgan “ Mustaqillik davri o‘zbek romanlari poetikasi» nomli monopoliyasi taqdimoti o‘tkazildi. Professor Islomjon Yoqubovga Turon FA akademigi faxriy unvoni topshirildi.
- O‘zbek romanchiligining nufuzi oshishida olim Islomjon Yoqubovning o‘z o‘rni bor,- deydi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldosh.- Uning romanchilikda qilgan tadqiqotlari shunchaki ishlar emas. Ularni biror-bir ilmiy daraja olish uchun zo‘rma-zo‘raki yozmagan. Yozganda ham pishiq, teran va to‘liq yozgan. Uning fe’li og‘ir, ishga ham bosiqlik bilan yondashadi. Quvonarlisi, qilgan ishi bilan maqtanavermaydi. Islom ilm bilan shug‘ullanishga, bafurja ijod qilish yoshiga yetdi. Undan o‘zbek adabiyotining umidi katta.
Tadbirda olim haqida aytilgan she’r va qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz ulashdi.
Dilobar Mamatova, O‘zA