Olam uzra jarang sochayotgan qo‘shiq (+video)
10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun. Bugun o‘zini shu muqaddas yurt farzandiman, uni mehribon onamday, otamday sevib ardoqlayman, asrayman, degan har bir o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosining bayramidir. Davlat madhiyasi barchamizning, yangi O‘zbekistonni bunyod etayotgan yaratuvchi xalqimizning qo‘shig‘idir! Bu – o‘zi qayerda bo‘lmasin, jon rishtalari bilan shu muqaddas zaminga bog‘langan dunyodagi barcha vatandoshlarimizning qo‘shig‘idir.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi ma’naviyat va ma’rifat markazida harbiy xizmatchi va xodimlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqanlar madhiyamizning davlatchilikdagi o‘rni, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Shu kabi bayram tadbirlari Samarqand viloyatida ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan Samarqand viloyati Axborot-kutubxona markazida «Yurakni madh etgan sado» shiori ostida “Zakovat» intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Intellektual o‘yinda Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Axborot-kutubxona markazi hamda yosh kitobxonlar jamoalari ishtirok etdi.
O‘yin mantiqiy va qiziqarli savollardan iborat bo‘lib, jamoalar bellashuvlar davomida o‘zlarining intellektual salohiyatlarini namoyish etdi.
O‘yin yakuniga ko‘ra, «Temur izdoshlari» jamoasi uchinchi, «Xalq posbonlari» jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. «Kutubxonachilar» jamoasi esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, «Zakovat» intellektual o‘yinining mutlaq g‘olibiga aylandi.
G‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6N0XNvVO7b8" title="Olam uzra jarang sochayotgan qoʻshiq" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O‘zA