Olam jajji musavvirlar nigohida
Jizzaxda o‘tkazilgan “Tabiat bolalar nigohida” rasmlar tanlovi bu yil ham bolajonlarning beg‘ubor qalbi, ranglarga oshno dunyosi va tabiatga bo‘lgan samimiy mehrini namoyon etdi. Kichik qo‘llar chizgan har bir suratda ona tabiatga ehtirom, bolalik orzulari va nurli kelajakka ishonch mujassam edi.
An’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur tanlov yosh avlod qalbida ekologik madaniyatni shakllantirish, ularni tabiatga mehr va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Viloyat bosqichida ishtirok etgan bolajonlar tuman va shahar saralash bosqichlarida saralanib, o‘z iste’dod va iqtidorini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldi.

Taqdim etilgan ishlar hakamlar hay’ati tomonidan sinchkovlik bilan baholandi. Yakunlarga ko‘ra, qizlar o‘rtasida Zomin tumani 14- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Osiyo Abdurahmonova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Arnasoy tumani 11- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi E’zoza Qahramonova ikkinchi, Yangiobod tumani “Hilolabonu” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Zarnigor Xolmamatova esa uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.



O‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Do‘stlik tumani 18- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Davronbek Nayrullayev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Baxmal tumani 19- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Hojiboy Sa’dullayev hamda Mirzacho‘l tumani 2- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Humoyun Xolboyevga nasib etdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri