O‘ksik qalblar uchun eng yaxshi sovg‘a mehrdir
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Sirdaryo viloyatida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolni e’zozlash – ezgulik va adolat mezoni” shiori bilan “Xotin-qizlarni e’zozlash haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Haftalik doirasidagi ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyat kengashi tomonidan Yangiyer shahridagi “Muruvvat” ayollar internat uyida tashkil etildi. Internatda yashayotgan ayollar holidan xabar olindi ularga sovg‘alar ulashildi.

– Bemorlar uchun qulaylik, munosib sharoitlar yaratilgan, – deydi internat direktori Nafisa Sharipova. – Homiy tashkilotlar, saxovatpesha insonlar moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish tashabbusi bilan keladi, bu bizni yanayam quvontiradi. Ularning “nima kamingiz bor, olib beramiz” degan gaplariga aytarli javob topa olmayman. Sababi barcha moddiy-texnik anjomlarimiz yetarli.

Internat uyida 162 nafar bemor ayol davolanmoqda. Ularga 132 nafar tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatmoqda. Davolanuvchilar yil davomida ikki marta chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, kutubxona va o‘qish zali, to‘garak xonalari ayollarning sevimli joyiga aylangan. To‘garak mashg‘ulotlarida rasm chizish, qo‘g‘irchoq yasash kabi ishlar bajariladi. Bu kabi mashg‘ulotlar ularning ruhiy ahvoli yaxshilanishi, hayotga qiziqishi ortishi, eng asosiysi, dunyoda borligini his qilishiga ko‘maklashadi.

Internat uyida mo‘jaz tikuvxona tashkil etilgan bo‘lib, 4 ta tikuv dastgohi yordamida yotoq kiyimlari, choyshablar tikiladi. Bemorlardan ortib qolgan kiyimlar bozorda sotiladi. Daromad kerakli ehtiyojlarga sarflanadi. Nafisa opaning tadbirkorligi bu bilan chegaralanmagan. Hovlida issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda ko‘katlar yetishtirilmoqda. Hududdagi 600 tup ekilgan ko‘chat hozirda quyuq mezavorga aylangan.
Bu yerda yashayotgan, ishlayotganlar bir-biriga mehribon. Doimiy g‘amxo‘rlik samarasida sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA