OKMK: barchasi inson qadri uchun
“Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tashabbusi bilan Namangan viloyati Chodak qishlog‘ida “Inson qadri uchun!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
So‘lim “Chodak” qishlog‘ining “Orzu” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan madaniy-ma’rifiy tadbirda 40 nafardan ziyod Chodak kon boshqarmasi ishchi-xodimlari fidoyi mehnatlari uchun faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda taklif etilgan oqila ayollar hamda “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi bir guruh xotin-qizlar OKMK rahbariyati tomonidan rag‘batlantirildi.
Bu xayrli tashabbus, e’tibor va g‘amxo‘rlikdan qishloq aholisi, ayniqsa ayollar juda mamnun bo‘lishdi. Oqila ayollar nomidan so‘zga chiqqan Zuhayo Haydarova Chodak aholisini bunday samimiy diydorlashuv behad quvontirganini, yurtimizda inson qadri uchun olib borilayotgan islohotlardan odamlar minnatdor ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda “Qahqaha” guruhi a’zolarining ichakuzdi hangomalari barchaga manzur bo‘ldi. Estrada xonandasi Iroda Olloberganovaning sho‘x-shodon qo‘shiqlari barchani raqsga chorladi. Bundan tashqari, kombinat mas’ullari bilan birgalikda Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yakubova Chodak qishlog‘ida OKMK homiyligida tashkil etilgan "Chodak-Ekvatorial" tikuvchilik fabrikasida bo‘lishib, ayollar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdilar. Ushbu tikuvchilik sexida bugungi kunda 200 nafarga yaqin chodaklik ayollar faoliyat yuritmoqda.

Viloyat xotin-qizlar yetakchisi D.Yakubova mahalliy aholiga qulay sharoit, yangi ish o‘rinlari yaratishga qo‘shayotgan hissasi uchun OKMK rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Darhaqiqat, OKMK davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda “Inson qadri uchun” shiori ostida olib borilayotgan ezgu ishlarda faol ishtirok etishda davom etadi.
OKMK Axborot xizmati