Oilaviy tadbirkorlik rivojlanmoqda
Yuqori Chirchiq tumanida jurnalist va blogerlar uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi ijrosi, shuningdek, mahallalardagi hokim yordamchilari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mikroloyihalar, xonadon tomorqalaridan samarali foydalanish borasidagi amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha press-tur bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda o‘tgan yil 2 ming 357 ta oilani kambag‘allikdan chiqarishga erishilgan. Joriy yil bu boradagi sa’y-harakatlar qamrovini yanada oshirish reja qilingan.
Ayniqsa, “Sayxunobod” tajribasi asosida har bir mahalladan 5 tadan jami 265 ta kam daromadli xonadonlarga 2 milliard so‘mlik loyiha paketlari yetkazib berilishi natijasida, 295 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Hokim yordamchilari bilan birgalikda 43,6 milliard so‘m kredit hisobiga 1 ming 707 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 2 ming 458 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu yil ham mahallalarda 2 mingta mikroloyihani amalga oshirish uchun 50 milliard so‘m kredit yo‘naltirish kutilmoqda. Bu orqali joylarda yana 4 nafar aholi ishli bo‘ladi.
[gallery-21327]
Press-tur ishtirokchilarining ilk manzili Saksonota mahallasida yashovchi Erjon Abdukarimov xonadoni bo‘ldi. Bu oila 4 yildan buyon “Shampinon” navli qo‘ziqorin yetishtirib keladi.
– Bir mavsumda to‘rt marta qo‘ziqorin yig‘ib olamiz. Shuni ortidan daromadimiz ortmoqda. Dastlab, bu ishni boshlash va o‘rganish uchun 3 ming dollarga yaqin mablag‘ sarfladik. Yillik daromadimiz 100 million so‘mdan ortdi. Yetishtirgan mahsulotimizga doim xaridor topiladi, – deydi E.Abdukarimov.
Shuningdek, mahallada yashovchi Otabek Alijonov bir necha yildan beri tomorqasidagi 5 sotix issiqxonada qulupnayning xaridorgir navlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
– Shu kunlarda qulupnay hosilga kirgan, har 5-6 kunda yig‘ib olamiz, – deydi O.Alijonov. – Ichki bozorda o‘rtacha 200 ming so‘mdan sotamiz. Bundan tashqari, ko‘chatchilik bilan ham shug‘ullanamiz. Qulupnay ko‘chatlarini ko‘plab dehqonlarga ham tarqatamiz. Yillik daromadimiz 50-60 million so‘mni tashkil etadi.
– Mahallada 3 ming 500 nafardan ortiq aholi yashaydi, – deydi hokim yordamchisi Talg‘at Serikbayev. – Yangibog‘ ko‘chasida yashovchi fuqaro Qumargul O‘rinboyeva xonadonida quyonchilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu oila imtiyozli kredit asosida quyonchilikni yo‘lga qo‘ydi. 50 boshdan ortiq nasldor quyon boqadi. Go‘shti va terisining xaridorligi, boqishda esa katta xarajat talab etmasligi sohaga qiziquvchilarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.