Oilalar hayotidagi o‘zgarishlar manzilli ko‘makdan boshlanadi
Ijtimoiy himoya tizimining asosiy vazifasi — insonning ehtiyojlarini o‘z vaqtida aniqlash, muammolariga yechim topish va munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoit yaratishdir. Bu jarayonda har bir oilaning holatini chuqur o‘rganish va individual yondashuv asosida yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.
Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Sarbozor mahallasi ijtimoiy xodimi Mahfuza Yo‘ldosheva faoliyati davomida ana shu tamoyillarga amal qilib, aholining ijtimoiy muammolarini hal etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ish olib bormoqda.
Mazku mahallada yashovchi Nurtosh Ergashevaning olti nafar a’zodan iborat oilasi ham ijtimoiy ko‘makka muhtoj xonadonlardan biri edi. Oilaning asosiy daromadi turmush o‘rtog‘ining mavsumiy mehnatidan kelib tushar, daromadning beqarorligi va ro‘zg‘or tashvishlari oilaviy sharoitga ta’sir ko‘rsatardi.
Vaziyat o‘rganilgach, oilaga moddiy yordam bilan bir qatorda tibbiy va psixologik ko‘mak ham zarurligi aniqlandi. Dastlab, oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, N. Ergashevaga psixologik yordam ko‘rsatildi. Farzandlarning ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, qizi Sitoraning o‘qish shartnoma to‘lovi qoplab berildi, Begoyim maktabdan tashqari to‘garaklarga jalb etildi, Afruza esa 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli asosda joylashtirildi.
Oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida Nurtosh Ergasheva doimiy ishga joylashtirildi. Xonadon daromadini oshirish bo‘yicha ham choralar belgilanib, quyosh panellarini o‘rnatish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Navbatdagi manzil 67 yoshli Kamuna Jo‘rayevaning xonadoni bo‘ldi. Uch nafardan iborat oilada turmush o‘rtog‘i Safar aka insultni boshdan kechirgani bois o‘zgalar parvarishiga muhtoj. Qizi Fotima esa nogironligi bo‘lgan shaxs. Oilaning asosiy daromadi nafaqalardan iborat bo‘lib, kundalik parvarish va salomatlik bilan bog‘liq muammolar kompleks ijtimoiy yordamni talab etardi.
Shu maqsadda oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, Kamuna opaga psixologik yordam ko‘rsatildi. Fotima «Yangi kun» xizmatiga jalb etildi, IPTK tekshiruvidan o‘tkazish va nafaqasini qayta tiklash masalalari hal qilindi. Shuningdek, oila ijtimoiy reyestrga kiritilib, moddiy yordam tayinlandi.
[gallery-31968]
Safar aka esa salomatligi va parvarishga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda, «Faol hayotga qadam» dasturi doirasida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatiga jalb qilindi.
Mazkur ishlar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi ijtimoiy xodimi va tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida amalga oshirildi.
Ushbu misollar ijtimoiy himoya tizimida har bir oilaning ehtiyojlariga mos yondashuv muhimligini ko‘rsatadi. Muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, tegishli xizmatlarni muvofiqlashtirish va manzilli yordam ko‘rsatish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilashga erishilmoqda.
Siroj ASLONOV (surat, video), O‘zA